Kabo-Verde terma jamoasi vatanida tantanali kutib olindi (video)
Sport
−
06 iyul 1448 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan Kabo-Verde milliy terma jamoasi vataniga qaytgach, qahramonlardek kutib olindi. Bu haqda RTE xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, futbolchilar poytaxt Prayadagi Nelson Mandela xalqaro aeroportiga yetib borganida, ularni yuzlab muxlislar, hukumat rasmiylari hamda mamlakat futbol federatsiyasi vakillari qarshi olgan. Jamoaning qaytishi Kabo-Verde mustaqilligining 51 yilligi nishonlanayotgan kunlarga to‘g‘ri kelgan.
“Reuters”ning xabar qilishicha, Praya ko‘chalariga minglab muxlislar chiqib, davlat bayroqlari, bannerlar va plakatlar bilan futbolchilarni olqishlagan. Bannerlardan biriga “Obrigado! Cabo Verde” (“Rahmat, Kabo-Verde!”) degan yozuv tushirilgan. Terma jamoa avval ochiq yuk mashinasida shahar bo‘ylab sayr qilgan, shundan so‘ng esa Kebra Kanela plyajiga yo‘l olgan. U yerda bayram musiqa va raqslar bilan davom etgan.
Ma’lumot uchun, Kabo-Verde terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Guruh bosqichida jamoa Ispaniya (0:0), Urugvay (2:2) va Saudiya Arabistoni (0:0) bilan durang o‘ynab, pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. 1/16 finalda esa Afrika vakili amaldagi jahon chempioni Argentinaga qo‘shimcha vaqtda 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Taxminan 500 ming aholiga ega Kabo-Verde Jahon chempionati tarixida pley-off bosqichiga chiqqan aholisi eng kam mamlakat sifatida qayd etildi.
Kabo-Verde terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtiroki, ayniqsa, 40 yoshli darvozabon Vozinyaning o‘yini bilan yodda qoldi. U nafaqat o‘z vatanida, balki butun dunyo futbol muxlislari orasida ham turnirning eng yorqin kashfiyotlaridan biriga aylandi. Argentinaga qarshi bahsdan keyin Vozinyaning obunachilar soni 21,5 millionga yetdi.
Live
Barchasi