Ka’baning ustiga chiqqan imom Shomil yoxud 30 yil ruslarga qarshi kurashgan “Kavkaz arsloni”

Tahlil

image

“Oxirini o‘ylagan qahramon bo‘la olmas”.
Imom Shomil

XIX asrning boshlarida Kavkazorti yerlarini Rossiya imperiyasi o‘z hududiga qo‘shib oldi. Shundan so‘ng, podshoh hukumati Shimoliy Kavkaz (Dog‘iston, Checheniston) hududlarini ham bo‘ysundirishni istab qoldi. Ammo, Chor Rossiyasi Shimoliy Kavkazda juda katta qiyinchiliklarga duch keldi. Rus bosqinchilariga qarshi Kavkaz xalqi ayovsiz kurash olib bordi. Bu kurashlarda dog‘istonlik imom Shomil katta jasorat ko‘rsatib, uzoq muddat ruslarga qarshilik qildi. Bugungi maqolamizda Kavkaz milliy ozodlik-qarshilik harakatining rahbari imom Shomil haqida so‘z yuritamiz.

Imomi Shomilning yoshligi

Imom Shomil 1797 yil 26 iyun kuni Dog‘istonning Gimri (hozirgi Untsukul tumani) qishlog‘ida tug‘ilgan. Unga birinchi bobosi nomiga Ali ismi qo‘yiladi. Ammo, bolaligida ko‘p kasal bo‘lganligi uchun Islom e’tiqodiga ko‘ra, Ali ismi Shomilga o‘zgartiriladi. Ota-onasi uni yoshligidan taqvodorlik ruhida tarbiyaladi. Shomil yoshligidan irodasi, qiziquvchanligi, mag‘rurligi va kuch-qudrati bilan do‘stlaridan ajralib turdi. Yoshligidan arab tilini o‘zlashtirib, Qur’oni Karimni yod oldi. Imom Shomil 15 yoshligidan ot minib, qo‘liga qilich ushladi. Ulg‘aygach fiqh (islom huquqshunosligi) sohasida faqih (shariat huquqshunosi) va tengi yo‘q jangchi bo‘lib yetishdi. Bunga uning baquvvat jussasi va ikki metrdan oshiq bo‘yi omil bo‘ldi.

Kavkaz urushi

Rossiya imperatori Pyotr I (1672-1725) zamonidan boshlangan imperiya hududini kengaytirish va atrofdagi davlatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazish siyosati keyinchalik ham faol davom etirildi. 1801 yili imperator Aleksandr II chiqargan manifestga binoan Gruziya Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi va u yerdagi hukmron Barationlar sulolasi taxtdan mahrum qilindi. 1804-1806 yillarda Ozarbayjonning asosiy qismi ham Rossiya imperiyasiga bo‘ysundirildi. Rossiya imperiyasi Napoleonni mag‘lub etgach, Yevropada obro‘si oshib ketdi.

XIX asrning boshlarida Kavkazortining Rossiyaga qo‘shib olinishi ortidan butun Shimoliy Kavkazni bo‘ysundirish imkoniyati yuzaga keldi. Shu tariqa, 1816 yili boshlangan Kavkaz urushi 48 yil davom etdi. Bu urush imperiya g‘aznasiga katta miqdorda zarar keltirdi.

Ruslarga qarshi ozodlik kurashi

XIX asr boshida Shimoliy Kavkaz musulmonlari ruslarga qarshi kurashish maqsadida Checheniston va Dog‘iston hududida islomiy davlat tuzishdi. Bu davlatga ilk rahbar etib imom Mulla Muhammad tayinlandi.

1820 yilda Dog‘istonda ruslarga qarshi muridlik (murid – izdosh, so‘fiylik yo‘nalishlaridan biri) harakati keng yoyildi. Bu harakatning asoschisi Mulla Muhammad edi. U Dog‘iston va Checheniston xalqini ruslarga qarshi kurash olib borishga chaqirdi. Imom Shomil dastlab, Mulla Muhammadning yordamchisi bo‘lib, bosqinchilarga qarshi kurash olib bordi.

1831 yilda general-adyutant Grigoriy Danilovich Kavkaz qo‘shinlarining qo‘mondoni etib tayinlandi. U 1832 yilning 29 oktyabrida Mulla Muhammad qo‘shinlarini mag‘lub etdi. Gimri qishlog‘i yaqinida bo‘lib o‘tgan jang vaqtida Mulla Muhammad halok bo‘ldi. Shundan so‘ng, ruslar endi Kavkaz xalqi bizga bo‘ysunadi deb o‘ylashgan edi. Ammo, kurash endi boshlagandi.

1834 yilda imom Shomil Kavkaz imomati islomiy davlatining imomi sifatida musulmonlarga rahbar etib saylandi. Kavkazdagi qabilalarning tarqoq holatda bo‘lishi rus bosqinchilariga qo‘l kelmoqda edi. Buni tushungan imom Shomil davlat rahbari lavozimidagi ilk ishi tarqoq qabilalarni birlashtirish bo‘ldi. Imom bir vaqtning o‘zida davlatning iqtisodiy va siyosiy ishlarini tartibga sola boshladi. U zakot yig‘ish tizimini takomillashtirib, yig‘ilgan mablag‘ni kambag‘al va ehtiyojmandlar orasida teng taqsimladi.

Imom Shomil bosqinchilariga qarshi kurashda Usmonli imperiyasidan yordam olib turdi. U ruslarga qarshi urushning partizanchilik harakatini olib bordi. Rossiya imperatori Aleksandr II Kavkazga yangi qo‘shin tashlashga majbur bo‘ldi.

1839 yil imom Shomil Axulgo tepaligida uch ming askari bilan general Grabbe qo‘mondonligidagi 10 ming kishilik rus armiyasi bilan 80 kun davomida jang qildi. Bu jangda imom o‘z singlisi, ayoli, o‘g‘li Muhammad Saidni yo‘qotdi. Bundan tashqari, imom Shomilning sakkiz yoshli o‘g‘li ruslarga asir tushdi. Rus generali Milyutin Axulko jangi haqida xotiniga shunday maktub yozgan:

“Jang dahshatli edi. Ayollar qo‘lida qurol bilan jangda faol qatnashdilar. Rahm-shafqat haqida o‘ylash ham mumkin emas edi. Tog‘liklar aqldan ozganday askarlarimiz ustiga yopirilmoqda. Ular taslim bo‘lmasdan mardlarcha jang qildilar. Hatto, jarohat olgan tog‘lik arslondek olishmoqda. Ular taslim bo‘lish taklifiga miltiq o‘qlari va xanjar zarbalari bilan javob berishmoqda”.

1839 yilda Axulgoda og‘ir mag‘lubiyatdan so‘ng, Shomil Dog‘istonni tark etib, Chechenistonga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Imom Shomil 1840 yilda Checheniston imomi etib saylandi. U kuch to‘plab, qishloqlarda ruslarga qarshi jang qildi. 1847 yilning yozida Kavkaz urushining eng uzoq va qonli jangi boshlandi. Bu jangda 3127 nafar tog‘lik, 535 nafar rus askari halok bo‘ldi.
 
Shomil 1851 yil 13 iyul kuni general-mayor Gramotin boshchiligidagi rus armiyasini mag‘lubiyatga uchratdi.

Imom Shomil 1859 yilning kuzida Gunib yaqinida knyaz Baryatinskiy boshchiligidagi 70 ming kishilik qo‘shinga qarshi qattiq jang qildi. Ruslar hiyla ishlatib, “tinchlik sulhi tuzamiz” degan yolg‘on bilan taslim bo‘lishni istamagan imom Shomilni qo‘lga oldilar.

Vataniga bostirib kelgan rus generali bilan uchrashuv chog‘ida Imom Shomil undan so‘radi:

— Bizning yurtga nima sababdan bostirib keldilaring, sizlarga nima kerak?

— Biz o‘zimizning yuksak madaniyat va taraqqiyotimizni siz yovvoyilarga o‘rgatish uchun keldik.

Shunda Imom Shomil ortida turgan musulmon askarlardan birini oldiga chorlab, poyabzalini yechib ko‘rsatishni buyurdi. Uning oyog‘i toza paytavaga o‘ralgan, besh vaqt namoz uchun tahoratda muntazam yuvib turilgani sababli ozoda, hidlanmagan edi. So‘ng imom rus askarlaridan birini chaqirtirib, uning ham oyog‘ini yechib ko‘rsatishini so‘radi. Rus askarining oyog‘i kirlanib ketgan, hidi esa chidab bo‘lmas darajada edi.

Shunda Imom Shomil rus generaliga yuzlanib: “Sizlar olib kelmoqchi bo‘lgan yuksak taraqqiyot shumidi, bizga shunday madaniyatni keltirmoqchimisizlar”, degan.

Qo‘lga olingan imom Shomil 40 ga yaqin insonlari bilan Rossiyaga imperator huzuriga jo‘natildi. Rossiya imperatori Aleksandr II imom Shomilni o‘z saroyida yuksak iltifot bilan kutib oldi. Imperator imomni kechki ovqatga taklif qiladi. Imom Shomilni ishtaha bilan ovqatlanishini ko‘rgan qirolicha, “qo‘rqamanki bu inson birozdan so‘ng, bizni ham yeb yuboradi”, deydi. Bu so‘zlarni eshitgan imom Shomil qirolichaga qarab, “qo‘rqmang xonim, bizni dinimizda cho‘chqa go‘shti harom”, deya unga javob beradi. Imom Shomil bir oy davomida imperator saroyida majburan mehmon qilinadi. Keyinchalik, imom va uning oilasi Kaluga shahriga ko‘chiriladi.

Imom Shomil o‘n yil tutqunlikda ushlandi. 1869 yil 16 fevral kuni Aleksandr II imomga Makkaga haj ziyoratiga borish uchun ruxsat beradi. Imom Shomil 1869 yil may oyida Istanbulga keldi. Usmonli xalifasi Abdulaziz I shaxsan o‘zi imomni kutib oldi. Usmonli gvardiyasining kavkazlik qo‘mondoni Usmon Farid o‘zining kundaliklarida Imom Shomil haqida shunday yozadi:

“Imom Shomilni ko‘rib turgan joyimda qotib qoldim. Ul zoti sharif mening bobomni, otamni jasorat sari ruhlantirgan qahramon edi. Yoshi ancha katta bo‘lishiga qaramay imom o‘z haybatini, kishida qo‘rquv uyg‘otish qarashlarini yo‘qotmagan edi”.

O‘sha davrda Usmonli xalifasi Abdulaziz I va Misr poshshosi Ismoil o‘rtasida shaxsiy munosabatlar keskinlashdi. Hatto, urush xavfi ham kelib chiqdi. Shunda imom Shomil xalifa bilan Ismoilni yarashtirib qo‘yish maqsadida vositachilik qildi. U 1869 yilning noyabr oyida Misrga tashrif buyurdi. Imom Shomil Misr hukmdori Ismoil poshsho bilan uchrashdi. Ismoil imomni katta tantanalar bilan kutib oladi va uni Suvayish kanalining ochilish marosimiga taklif qildi. Imom Shomil 16 noyabr kuni kanal ochilishida ishtirok etdi.

Imom Shomil 20 noyabr kuni Makkaga keldi. Jidda stansiyasida imomni Makka amiri va minglab musulmonlar kutib olishdi. Haj mavsumida imom Shomil Makkada ekanligini eshitgan yuz minglab musulmonlar uni ko‘rish uchun Baytullohga kelishdi. Iloji qolmagan hukumat vakillari imom Shomilni Ka’baning ustiga (birinchi bo‘lib, hazrati Bilol Ka’baning ustiga chiqib azon aytgan) chiqardi. Imom Shomil to‘plangan musulmonlarga salomlar yo‘llab, mashhur so‘zini aytadi. “Oxirini o‘ylagan qahramon bo‘la olmas”.

Imom Shomil 1870 yilning mart oyining oxirida haj qilganidan so‘ng, Madinaga tashrif buyurdi. Rus imperiyasiga qarshi kurashgan Imom 1871 yilning fevral oyida Madinada vafot etadi. Imom Shomil Madinadagi “Al-Boqiy” qabristoniga dafn etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1189

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing