“Qo‘yliq”da qariyb 200 kg yaroqsiz go‘sht sotilayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
06 avgust 2022
3546Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” AJ dehqon bozorida sifati buzilgan 188 kilogramm go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosi aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi Bektemir tuman bo‘limi sanitariya-gigiyenasi bo‘linmasi mutaxassislari va ishchi guruh tomonidan tumandagi “Qo‘yliq” AJ dehqon bozorida belgilangan tartibda sanitariya nazorati o‘tkazilgan.
Bozorning VSEL xodimlari bilan olib borilgan tadbir natijasida sifati buzilgan 188 kilogramm go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosi aniqlangan.
Iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotlar savdosi bekor qilinib, o‘rnatilgan tartibda bartaraf etildi. Go‘sht mahsulotlari Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining kinologiya bo‘limiga topshirilgan.
“Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan bozor ma’muriyati, javobgar shaxslar va fuqarolarga ovqatdan zaharlanish va uni oldini olish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Profilaktik suhbat o‘tkazilib, VSEL xodimlari tomonidan fuqaroga nisbatan tegishli chora ko‘rildi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi