Quvayt va Bahrayn Eronga yashirin havo zarbalarini bergan – WSJ
Olam
−
25 iyul 2322 2 daqiqa
Quvayt va Bahrayn Eron hududidagi ob’ektlarga yashirin havo zarbalarini bergan. Bu ularning Eronga qarshi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy javob harakati bo‘lgan. Bu haqda o‘z manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, aviahujumlar harbiy ob’ektlar, jumladan, dronlar va raketalar omborlariga qaratilgan. Hujum uchun razvedka ma’lumotlari va havodan qo‘llab-quvvatlashni Birlashgan Arab Amirliklari tashkil etgan.
Nashrning yozishicha, so‘nggi bir necha hafta davomida Tehron Bahrayn va Quvayt hududlariga, u yerlarda joylashgan AQSH harbiy bazalarini nishonga olgan holda, bir necha bor zarbalar bergan.
Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari mintaqadagi keskinlikni pasaytirishni qo‘llab-quvvatlashini va Hormuz bo‘g‘ozini ochishga chaqirganini bildirgan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Quvayt va Bahraynga qilingan hujumlarni qoralab, “ushbu davlatlar bilan to‘liq hamjihatligini va ularning xavfsizligi hamda barqarorligini ta’minlashga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlashini” ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Quvaytning AQSHdagi elchisi Al-Zayn Al-Sabah Eronga zarba berilgani haqidagi ma’lumotni rad etgan.
“Quvayt davlati Eronga qarshi hech qanday harbiy operatsiyalarda ishtirok etmagan va o‘z hududidan qo‘shni davlatlarga qarshi hujum operatsiyalari o‘tkazish uchun foydalanishga ruxsat bermagan”, degan u.
Avvalroq, 21 iyul kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) AQSH hujumlariga javob sifatida Bahrayndagi Amazon kompaniyasining data-markaziga zarba berilganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, IIQKning havo-kosmik kuchlari Iordaniyadagi AQSH harbiy bazasiga raketa zarbasi bergan.
Ayni paytda, Eron Qurolli kuchlari Quvaytda AQSH qo‘shinlari joylashgan uchta harbiy ob’ektga dronlar bilan hujum qilganini bildirgan.
Bundan bir necha kun avval Eron Quvayt, Iordaniya, Bahrayn, Qatar va Umondagi AQSH ob’ektlariga bir vaqtning o‘zida raketa va dronlar bilan zarbalar berganini ma’lum qilgan edi. Quvaytda nishon sifatida Patriot majmuasi, o‘q-dori ombori va harbiy radar ko‘rsatilgan. Ushbu hujumlardan so‘ng AQSH Eron hududiga zarbalar berishni davom ettirgan.
Live
Barchasi