Qurshovda qolgan Rossiya. YeI Kremlga tahdid qildi

Olam

image

Yevropa davlatlari rahbarlari Rossiya tomonidan bo‘layotgan bosimlar ortidan unga qarshi yagni sanksiyalar joriy qiladi. Bugun, 16 dekabr kuni Bryusselda Yevropa davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar joriy qilish taklifini bildirishdi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar bermoqda.

So‘nggi kunlarda Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi ehtimoli ortidan AQSH va NATO davlatlari Moskvaga qarshi turli ogohlantirishlar bilan chiqmoqda. Xususan, Bryusseldagi sammitda Boltiqbo‘yi va Yevropa davlatlari rahbarlari Rossiyaning Yevropaga qarshi ehtimoliy hujumidan xavotirda ekanlarini bildirishgan. Litva rahbariga ko‘ra, Moskva G‘arbga Belarus orqali hujum qilishni ko‘zlagan.

Latviya Bosh vaziri Krishyanis Karinsh Rossiyani Belarus bilan Yevropa chegarasidagi Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlarni qurollantirishda, tabiiy gaz narxini sun’iy oshirishda va soxta ma’lumotlar tarqatishda ayblagan. “Biz jiddiy hujumlarga uchrayapmiz. Bularning barchasi o‘zaro bog‘liq”, degan u, jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda.

“Biz so‘nggi 30 yillikdagi eng dahshatli vaziyatga guvoh bo‘lib turibmiz. Men nafaqat Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni, balki NATOga a’zo Sharqiy qanot davlatlaridagi vaziyatni ham nazarda tutib aytyapman” deydi Litva Prezidenti Gitanas Nauseda, Bryusseldagi Ukraina va yana 4 ta sobiq sovet davlatlari rahbarlari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda.

U, Rossiyaning Polsha va ikki Boltiqbo‘yi davlatiga chegaradosh bo‘lgan Belarus bilan harbiy integratsiya tuzib, Belarus hududidan “qo‘shni davlatlarga hujum qilish uchun ehtimoliy platforma sifatida” foydalanishi mumkinligidan qo‘rqishini tilga olgan.

AQSH va NATO ortidan YeI ham Rossiyani Donbassga hujum qilgan taqdirda jiddiy iqtisodiy muammolar bilan ogohlantirdi.

Yevropa malakatlari rahbarlari Germaniyada Angela Merkeldan keyin yangi kansler sifatida maydonga kelgan Olaf Sholsga Kremlga qarshi sanksiyalarning asosiy ijrochisi sifatida umid bildirmoqda.

Sloveniya Bosh vaziri Yanez Yansha, Rossiya va Germaniya o‘rtasida amalga oshirilayotgan “Shimoliy oqim 2” gaz quvurini yotqizish loyihasini to‘xtatish va Germaniyaning o‘z sanoatini yurg‘azishda Rossiya gazidan voz kechishi Rossiya iqtisodi uchun jiddiy zarba bo‘lishini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, bugun NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, Rossiya Ukraina bilan chegara hududida qo‘shinlari sonini kamaytirish o‘rniga, aksincha, oshirib borayotganligini ma’lum qilgan.

“Biz qo‘shinlar soni ortishining susaygani yoki to‘xtaganini ko‘rmayapmiz. Aksincha, ularning soni ortib bormoqda”, deydi bosh kotib NATO qarorgohida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida.

Ma’lumot uchun, 2014 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarashli Qrim yarim orolining Rossiya tomonidan bosib olinishi ortidan, Kremlga qarshi sanksiyalar joriy etgan. Sanksiyalar iqtisod, bank sohasi va boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan bo‘lgan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

553

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing