Qurol savdosida kimlar yetakchilik qilmoqda?
Olam
−
13 mart 2023
15261AQSH va Rossiya Federatsiyasida qurol sotish hajmi avvalgi besh yillik davrga nisbatan 31 foizga kamaygan bo‘lsada, ular asosiy eksportchilar bo‘lib qolmoqda. Ukraina esa 2022 yilda importchilar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti tomonidan e’lon qilingan “2018-2022 yillardagi jahon qurol savdosi holati to‘g‘risida”gi hisobotda keltirilgan.
Qayd etilishicha, global qurol savdosida so‘nggi o‘ttiz yillikning eng yirik eksportchilari AQSH va Rossiya bo‘lgan. Biroq hozirda ularning eksporti hajmi o‘rtasidagi tafovut sezilarli darajada oshgan, Rossiya va jahon reytingida uchinchi o‘rinni egallagan Fransiyaning qurol eksporti hajmi o‘rtasidagi tafovut qisqargan.
2018-2022 yillarda 2013-2017 yillarga nisbatan AQSH qurol savdosi 14 foizga o‘sgan va ularning global hajmdagi ulushi 40 foizni tashkil etgan. Rossiyada xuddi shu davrda sotuvlar 31 foizga kamaygan va global hajmdagi ulushi 22 foizdan 16 foizgacha pasaygan. Fransiyadagi ko‘rsatkichlar mos ravishda 7,1 foizga tushgan va global savdodagi ulushi 11% ga yetgan.
Shuningdek, Yevropa mamlakatlari tomonidan 2018-2022 yillarda 2013-2017 yillarga nisbatan asosiy qurollar importi 47 foizga oshgan, jahon qurol-yarog‘ yetkazib berish hajmi esa 5,1 foizga qisqargan. Afrika (-40%), Amerika (-21%), Osiyo va Okeaniya (-7,5%), shuningdek, Yaqin Sharqda (8,8%) pasayish qayd etilgan. Biroq G‘arbiy Osiyo va geosiyosiy keskinlik yuqori bo‘lgan boshqa mintaqalarda qurol importi keskin oshgan.
2022 yilda Ukraina dunyodagi uchinchi yirik qurol importchisiga aylangan. 1991 yildan 2021 yilgacha u arzimas miqdordagi asosiy qurollarni sotib olgan. Ammo hozirda AQSH va Yevropa davlatlari tomonidan Kiyevga ko‘rsatilayotgan harbiy yordam tufayli mamlakat eng yirik importchilar ro‘yxatidan joy olgan va AQSHdan keyin uchinchi o‘rinni egallagan.
“Qiruvchi samolyotlar va uzoq masofali raketalar bilan ta’minlash Ukrainadagi urushning yanada avj olishiga sabab bo‘lishi mumkinligi tufayli NATO davlatlari Ukrainaning ularni 2022 yilda yetkazib berish haqidagi iltimosini rad etgan. Shuning uchun ular bunday qurollarni harbiy mojarolarda ishtirok etayotgan Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi mamlakatlarga yetkazib bergan”, deydi SIPRI katta ilmiy xodimi Piter Vezman.
LiveBarchasi