“Qo‘rqinchli ta’til”: Insoniyatni dahshatga solgan pandemiya bir yoshga to‘ldi

Tahlil

image

Xitoy Hukumati Uxan shahridagi shifoxonalarning biridagi bemorda pnevmoniya keltirib chiqargan, ilgari fanga ham, tibbiyotga ham noma’lum bo‘lgan virusni aniqladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 9 yanvardagi xabari aynan shunday boshlandi. O‘sha paytda Yer sayyorasining hech bir dahosi, olim-u fuzalosi insoniyatni nimalar kutib turganini bilmas edi. 

Xitoyda paydo bo‘lgan noma’lum virus, aniqrog‘i SARS-CoV-2 butun dunyo bo‘ylab sayohatini boshlab yubordi. Qisqa vaqt ichida ushbu virus 114 ta davlatda qayd etilib, 118 ming odamga yuqishga ulgurdi. Virusning bu qadar tez tarqalishi tufayli o‘tgan yilning 11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlanganini e’lon qildi. Bu virus butun insoniyatga xavf solishi mumkinligidan dalolat edi. 

Ushbu tarixiy kunga ham bir yil to‘ldi. Bu qisqa fursat ichida so‘zlashuv lug‘atida karantin, masofaviy ta’lim, onlayn, pandemiya, tibbiy niqob, vaksina va izolyatsiya kabi so‘zlar trendga chiqdi. Albatta, bejizga emas: insonlarning hayot tarzi ham shunga yarasha o‘zgardi. 

Bir yildan buyon koronavirus insoniyat bilan birga yashab kelmoqda. Bu vaqt davomida dunyo hamjamiyati virusga qarshi jiddiy kurashdi. Juda ko‘p insonlar o‘z yaqinlaridan ayrildi, ba’zi bir soha vakillari ish o‘rinlarini yo‘qotgan bo‘lsa, boshqa birlari butun boshli biznesidan mosuvo bo‘ldi. Barchaning e’tibori virusdaligidan foydalanib qolgan siyosatchilar ham topildi. Kimdir populistlik qilib, siyosiy obro‘ orttirmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, yana kimdir Konstitutsiyaga imi-jimida o‘zgartirish ham kiritib oldi. Ba’zi davlatlarda uzoq yillardan buyon e’tiborsiz qoldirilgan ijtimoiy muammolar COVID-19 ga qarshi kurashda pand berdi. Og‘ir o‘tgan bir yil natijasiga ko‘ra, alohida qaysidir shaxslar yutgan bo‘lishi mumkin, lekin umumiy hisobda butun insoniyat mag‘lubiyatga uchradi.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalar

AQSHning S&P Global kompaniyasi 2020 yilning yanvar va avgust oylari bo‘yicha o‘tkazgan izlanish natijalariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish pandemiya vaqtida eng ko‘p zarar ko‘rgan soha, deb topildi. Aniqrog‘i, aviatsiya sanoati ushbu reytingda birinchi o‘rinda turibdi. BMTning Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ko‘ra, 2020 yilda yo‘lovchilar soni 1,8 milliardni tashkil etgan, vaholanki bir yil oldin, ya’ni 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 4,5 milliarddan ortiq bo‘lgan. Buning oqibatida aviakompaniyalar 370 milliard AQSH dollari miqdorida zarar ko‘rgan.  

Bundan tashqari, sport zal va maydonchalar, mehmonxonalar kabi dam olish maskanlari, shuningdek restoran biznesi pandemiya vaqtida eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalar ichida 2-o‘rindan joy olgan. 3-o‘rinda esa neft va gaz qazib olish sanoati qayd etilgan. 

Pandemiyada ishsiz qolgan kasb egalari

Bo‘sh ish o‘rinlarini izlash va taqdim qilish bo‘yicha AQSHning Glassdoor kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir qator kasblar pandemiya vaqtida nafaqat zarar ko‘rgan, balki aynan koronavirus ta’siri ostida yaqin kelajakda ular umuman yo‘qolib ketishi mumkin. Glassdoor kompaniyasi ekspertlari bunday keskin burilishni karantin vaqtida iste’molchilarning qarash va didlari o‘zgargani bilan izohlagan. 

Bundan tashqari, ba’zi bir kasblarning faoliyati virtual, aniqrog‘i onlayn formatga ko‘chgani tufayli ish o‘rinlarida qisqarish yuz bergan. Bunday holat asosiy vazifasi tashkiliy ishlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasblarda kuzatildi. Jumladan, an’anaviy darslar, marosim va uchrashuvlarni tashkil qiluvchi koordinatorlarga ehtiyoj kamaygan. Yana bir yaqqol misol: har xil sog‘lomlashtirish sport turlari bo‘yicha murabbiylarga ham talab susaygan. Karantin vaqtida murabbiylarning faoliyati katta hajmda YouTube kabi platformalar hamda internet olamiga ko‘chdi. Bu esa millionlab iste’molchilarning ehtiyoji birgina murabbiy bilan qondirilishiga olib keldi. Bular sirasiga o‘qituvchi va professorlarni ham kiritsa bo‘ladi.

Qaysi davlatlar eng ko‘p iqtisodiy zarar ko‘rdi?

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, pandemiya vaqtida davlatlarning ko‘rgan umumiy zarari 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan 4 barobar ko‘proq bo‘lgan. “Bloomberg” nashri esa Ispaniyani Yevropada eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat, deb topdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilning ikkinchi yarmida Ispaniya iqtisodiyoti 18,5 foizga qisqargan. 

Jahon bankiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari koronavirus inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rgan. Bunga ushbu mintaqada tashqi savdoning to‘xtab qolgani, iqtisodiy noaniqlik kuchayib ketgani, turizmning sinishi va bir necha oylab davom etgan karantin cheklovlari sabab bo‘lgan.   

Pandemiya kimga qo‘l keldi?

Ushbu savol doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni eslab o‘tish lozim. Aynan Putin Rossiyasi koronavirusga qarshi vaksinani birinchilardan bo‘lib yaratdi. “Sputnik V” deb nomlangan ushbu vaksina boshqa muqobil variantlariga qaraganda arzon va bir hududdan boshqasiga olib kelish, saqlash hamda qo‘llash sharoitlari qulayroq. Bu omil ham Putinning foydasiga ishlamay qolmadi.

Putin hukumatiga qarshi muxolifatchi Navalniy Rossiyada sud qilinib qamoqqa tashlangan, buni G‘arb mamlakatlari bosim ostiga olayotgan bir vaqtda, Yevropa Ittifoqi davlatlarida Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasiga ehtiyoj paydo bo‘lishi, albatta, Putinga qo‘l keldi.

Boshqa bir qiziq holat Xitoy bilan bog‘liq. Gap shundaki, Xitoyning o‘zi koronavirusning o‘chog‘i bo‘lgan bo‘lsa-da, yaxlit bir zavoddek tartib bilan ishlash evaziga ushbu balodan birinchi bo‘lib qutildi.

Eng ahamiyatli jihati Xitoy inqirozli 2020 yildan iqtisodiy o‘sish bilan chiqqan dunyodagi yagona davlat bo‘ldi. Atrofga nazar tashlasansa, barcha davlatlar koronavirus keltirib chiqargan iqtisodiy inqiroz va uning oqibatalri bilan kurashyotgan paytda ushbu virus “muallifi” bo‘lgan Xitoyda vaziyat boshqacha. Qiziq holat.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing