Qurilish materiallari sanoatida xorijning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik kengaymoqda
Biznes
−
26 Sentabr 2023
3596Joriy yilning 22 sentyabr kuni Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Kengash raisi Saxi Annaklichev boshchiligidagi ishchi guruh Pekin shahrida “China National Building Material” (CNBM) korporatsiyasi mutasaddilari bilan qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sanoatni rivojlantirishda yetakchi mamlakatlar tajribasini o‘zlashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Kengash tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nafaqat Xitoyda, balki dunyo qurilish materiallari sanoatida peshqadam kompaniyalardan biri hisoblangan “China National Building Material” korporatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ham ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi. Korporatsiya prezidenti, janob Rushan Vey O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, qurilish materiallari sanoatining jadal taraqqiy etayotgani ko‘plab xorijiy investorlar kabi Xitoyda ham katta qiziqish bilan qaralayotganini urg‘uladi.
Ishchi guruh a’zolari CNBM korporatsiyasi faoliyati, xususan, xom ashyo sifati, ishlab chiqarish va sinov-laboratoriya jarayonlari, kadrlar tayyorlash va ular salohiyatini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Qayd etish joiz, 40 yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan CNBM korporatsiyasi qurilish materiallari ishlab chiqarishda dunyoda eng yirik kompaniyalar sirasiga kiradi. Yiliga 525 mln. tonna sement, 460 mln. tonna beton, 2,3 mln. tonna tolali shisha, 2,2 mlrd. metr kub gipsokarton ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korporatsiya tarkibida, shuningdek, nafaqat qurilish materiallari ishlab chiqarish, balki sanoatning boshqa tarmoqlari uchun ham texnolog-muhandislar tayyorlashga ixtisoslashgan qurilish materiallari akademiyasi (China building materials academy) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ilm dargohida sanoatda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda yangi texnologiyalarni yaratish ustida ham ilmiy-amaliy ish olib boriladi.
Xususan, ayni paytda tarkibida uglevodorodi kam bo‘lgan sement (bino inshootlarning mustahkamligini oshiradi va uzoq yillar xizmat qilishini ta’minlaydi) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvlar davomida CNBM korporatsiyasi va uning tarkibidagi “Jushi” Co., Ltd (shisha tolasidan keng foydalangan holda) kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan, hududlarda mavjud xom ashyo zaxiralaridan kelib chiqib, qator qo‘shma loyihalar, jumladan, yuqori markali sementning yangi turlari, beton, kompozit materiallari, kaolindan tayyor mahsulotlar, yuqori bosimga chidamli kompozit quvurlar hamda devorbop o‘tga chidamli kompozit panellar ishlab chiqarish singari loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, Sidjou shahridagi “Sinoma Design And Research Institute Of Non-metallic Minerals Industry” Co., Ltd instituti bilan hamkorlik o‘rnatildi. 1959 yilda tashkil etilgan institut nometall foydali qazilmalarni tarkibini o‘rganish, ularni boyitish va yuqori sifatli, yangi turdagi, energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi hamda bino inshootlarni (ma’muriy, turar joy va ishlab chiqarish binolari) loyihalashtirish xizmatini ko‘rsatadi.
Jumladan, institutda sanoatda keng foydalaniladigan grafit, kaolin, bentonit, nefelin, kvars qumi, dala shpati, vollostonit va shu kabi 30 dan ortiq foydali qazilmalar tarkibini o‘rganish va boyitish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, CNBM korporatsiyasi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik munosabatlari mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatida xorijiy investitsiyalar ko‘lamining oshishi, zamonaviy texnologiyalar, yangi bilim va ko‘nikmalarning o‘zlashtirilishiga zamin yaratadi.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi