Qo‘riqlash departamentiga tamaki chekkanlarni jarimaga tortish huquqi berilmoqda
Jamiyat
−
07 aprel 6173 2 daqiqa
O‘zbekistonda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlariga jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish qoidabuzarligini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ma’qullangan “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Mazkur hujjat jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar va tashkilotlarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek, qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlangan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni, jumladan, jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, noqonuniy ov qilish, daraxtlarni kesish va boshqa ekologik qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlariga berilmoqda.
Shuningdek, qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ruxsatnoma berish vakolatini Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabrida Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib qayta tashkil etilgandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust