Qur’oni Karim noyob qo‘lyozmasini o‘g‘irlagan jinoyatchilar javobgarlikka tortildi

3-sahifa

image

Chortoq tumanida yashovchi 40 yoshli fuqaro 2022 yil 10 avgust kuni Namangan shahrida istiqomat qilgan eski tanishi va jinoiy sherigi bilan birga “Qur’oni Karim” kitobini o‘g‘irlagani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudi raisi Ibrohim Jabborov ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur “Qur’oni Karim” kitobi 1874 yilda hattotlar tomonidan ko‘chirilgan nodir qo‘lyozma hisoblangan.

“Fuqaro E.A va uning jinoiy shkrigi R.Sh yuzlariga niqob, qo‘llariga ishchi qo‘lqop kiyib, tungi soat 01:00larda tumanning “Baliqko‘l” mahallasida joylashgan “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi muzeyiga kelishadi. Avvaliga chor-atrofni kuzatib, hech kimsa yo‘qligiga ishonch hosil qilishadi. Shunga qaramay, sodir etilajak jinoyatlarini yashirish maqsadida ziyoratgoh chiroqlarini asosiy tarmoqdan uzgan holda o‘chirishadi. So‘ngra muzeyda saqlanayotgan, 1874 yilda hattotlar tomonidan ko‘chirilgan nodir qo‘lyozmali “Qur’oni Karim” kitobini o‘g‘irlab chiqishadi. Tashqariga chiqqach, E.A muqaddas kitobni o‘zining Cobalt avtomashinasi yukxonasiga joylaydi. Keyin Namangan shahriga kelib, kalomullohni R.Sh singlisi N.Sh.ning xonadoniga yashirib qo‘yishadi. Ammo xonadon sohibasiga kitobning o‘g‘irlanganini aytishmaydi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ziyoratgoh hududi va atrofiga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalaridagi kamera yozuvlari sabab o‘g‘rilar tez orada qo‘lga olingan. Natijada kitob “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohiga qaytarilgan, jinoyatchilarga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi turizm va madaniy me’ros agentligining 2022 yil 22 dekabrdagi san’atshunoslik ekspertizasi xulosasida, nodir “Qur’oni karim” kitobining mamlakatimiz ichki bozoridagi bahosi 92.000.000 so‘m deb belgilangan. Yaqinda mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud E.A va R.Sh.ni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topib, ularni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi”, deya ta’kidlanadi xabarda.

Shu bilan birga, sud tumanning 2-sektor rahbariga biriktirilgan “Baliqko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari tomonidan sudlanuvchi E.A.ning oilaviy ahvoli o‘z vaqtida o‘rganilmagani, profilaktik tadbirlar o‘tkazilmagani, uni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmagani, xulq-atvori e’tiborsiz qoldirilgani, muqaddam sudlangan shaxslar bilan ishlash holati yuzaki ekanligi yuqoridagi jinoyatga sabab bo‘lgan deb hisoblagan.

“Bunday holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida xususiy ajrim chiqarilib, mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilari va hudud profilaktika inspektoriga yuborildi”, deb qo‘shimcha qilingan xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing