Qo‘llarim yaramadi. Oyoqlarimda uddaladim
Intervyu
−
06 yanvar 2023
9579Imkonsizlikdan imkon topayotganlarni izlashda davom etamiz. Bu gal manzilimiz Izboskan tumanidagi ayollar “Muruvvat” uyi bo‘ldi. Bu yerda 324 nafar imkoniyati cheklangan xotin-qizlar yashaydi, lek ular o‘zini imkoniyati cheklangan deb hisoblamaydi. Ulardan biri Mohidil Botirova. Uning qo‘llari mehnatga yaramasa-da, u imkoniyatlar eshigini oyoqlari bilan ochyapti. Buni oq qog‘ozga oyoqlarida chiroyli rasm tushira olishidan bilish qiyin emas.
“Oyog‘imda rasm chizaman, oyog‘imda yuzmni yuvaman, tishlarimni ham oyoqlarimda tozalayman”, deydi u.
Nozik va nafis harakatlanadigan barmoqlar nafaqat qalamni, ignani ham o‘ziga bo‘ysundira olgan. U hech qanday qiyinchiliksiz oyoqlarida ignadan ip o‘tkazib, kashta tika oladi. Biroq qahramonimizga tikish, bichish avvaliga oson bo‘lmagan. Qo‘l barmoqlarining harakatisiz ishlatilgan igna uning oyoqlarini ko‘p marta yaralagani rost.
“Birinchisida qiyin bo‘lgan. “O‘rganmayman”, deb turib olganman. Opalarim “O‘rganasan”, deb bazo‘r ko‘ndirishgan. Oyoqlarimga igna kirib ketgan payitlar ham bo‘lgan, lekin men aslo chekinmaganman”, deydi Mohidil.
Ota-ona mehridan bolaligidayoq mahrum qilingan qahramonimiz o‘zi uchun xaqiqiy mehr va e’tiborni muruvvat uyidan topgan.
“Bolaligimda meni bolalar uyining eshigi tagiga tashlab ketishgan. Men ota-onamni kimligini ham bilmayman. Shu yerdagilar meni ota-onam. Menga boshqa ota-ona kerakmas, chunki nogironligim sabab ular mendan voz kechgan”, deydi qahramonimiz.
Mohidil uchun qo‘l yumushlarini oyoqlarida bajarish oddiy xol. Uni qo‘llaridagi nuqson sog‘lom inson bajarishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatdan cheklolmagan.
Biz uchun tik turish, yurish, yugurish vazifasini o‘tovchi oyoqlarimizga nisbatan Mohidilnikining vazifalari ko‘p: oyoqlarda yuvinishdan tortib, o‘ziga oro berishgacha.
"Bayramlarga, ko‘chaga chiqqanimizda doim o‘zimga oro beraman. O‘zim idishlarni ochib, o‘zim yopib, o‘zim bezana olaman. Menga hech kimning yordami kerak emas", deydi qahramonimiz.
Bu muruvvat uyi tarbiyalanuvchilarining hech biri hayotdan hafa emas. Imkoniyati cheklanganidan nolimaydi, aksincha, o‘zi uchun imkoniyatlar eshigini ochadi. Qo‘llar yaramasa, oyoqlari bilan...
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi