Qulayotgan energetika tizimi: “Shamda televizor ko‘rayotgan” avlod yoxud va’daboz a’yonlar kimga kerak?
Jamiyat
−
07 iyul 2021
16825Mana, necha soatdirki, poytaxt Toshkentning bir nechta tumanlarida elektr energiyasidan sharmandali uzilishlar kuzatilmoqda. Aytaylik, Olmazor tumanida kunning eng qizdirgan vaqtida “svet” bo‘lmadi. Xonadonlarni qo‘ying, bank, poliklinika, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, hatto, svetoforlarda ham chiroq yo‘q. Sho‘rlik YPX xodimlari soatlab +40 darajadan yuqori issiqda, quyosh tig‘ida chorrahalarda qolib ketdi. Bu safar ularga haqiqatan ham achindik. Bechoralarning na hushtak chalishga, na tayoqchasini ko‘tarishga madori qoldi. Sillasi quridi, aniqrog‘i quritishdi.
Sharmandalik shu darajagacha borib yetdiki, hatto, metroda ham elektr uzildi. Mana, sizga Yangi O‘zbekistonning yangi energetika tizimi (!) Yaxshiyam samolyotlar elektr toki bilan uchmaydi.
Energetika vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlarning tili doim uzun. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bu safar ham bahona topdi. Nima emish, biz ko‘p elektr sarflab qo‘yayotganmishmiz.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning iddao qilishicha, “shu kunlarda respublikaning barcha hududlarida jazirama issiq havo harorati kuzatilmoqda”. Yashang! Qarang-a, biz bilmagandik issiq bo‘layotganini. Biror o‘rmon yonib, issig‘i bizga uryapti, deb o‘ylabmiz. AJ o‘zini oqlashda davom etib quyidagilarni qo‘shimcha qiladi:
“Bunday vaziyatda, tirik jon borki, soya-salqin joy qidiradi, yoxud elektr energiyasi sarfi katta bo‘lgan turli sovitish jihozlari va boshqa maishiy vositalar yordamida jon saqlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, mavjud avtomatik qurilmalar o‘ta yuklama bilan ishlashiga va natijada favqulodda avariyali holatlar yuzaga kelishiga olib kelmoqda”.
Nahotki?! Nahotki?! Nahotki?! Bunday olamshumul tadqiqotni o‘tkazganlarga Hojiboy Tojiboyev ta’rifi bilan aytganda, hozircha Nobel emas, sumalak berish kerak.
AJning iddaolari va masalaga bildirgan izohlarini tahlil qilishda davom etamiz. Keyingi jumlalarda “Hududiy elektr tarmoqlari” muammo kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan ishlar olib borilayotgani xususida fikr bildirgan.
“Avval ham xabar berilganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ barcha tarkibiy korxonalari tomonidan bu kabi muammolarni bartaraf etish, elektr ta’minotidagi uzilishlarni oldini olish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda” (!)
Qiziq, juda qiziq. Ko‘rgan chorangiz natijasida butun boshli tumanda chiroq bo‘lmasa, metro to‘xtab qolsa, bu muammo bartaraf etilganidanmi yo uning kelib chiqishini tomoshabin bo‘lib kuzatilganidanmi?
Keyingi o‘rinlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” o‘zini alqashda va oqlashda davom etib, muammolar ustida tezkorlik bilan ishlanayotganini aytadi:
“Tegishli mutaxassislar, elektromontyordan tortib maxsus avtotransport haydovchilari, past kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi-xodimlar jalb etilgan holda, joylardagi podstansiyalar, transformator punktlari, elektr uzatish havo tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, yuzaga kelayotgan favqulodda uzilish va nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda”.
Yuqoridagi gaplar shu qadar hissiyotlarga berilib, sovitgich tagida, muzdek xonada, stol ustida kamida qahva bilan yozilgandek. Yo‘qsa, muallif “tezkor” so‘zini ishlatishda biroz andisha qilgan bo‘larmidi... Poytaxti azimdagi hududlarda 10 soatlab “svet” bo‘lmayotganda, qaysi tezkorlik haqida gaplashyapmiz, janoblar?
Bu vaziyatda aybni yana aholiga ag‘darish qanchalik to‘g‘ri? Balki joylardagi eskirib ketgan podstansiyalar va transformator punktlarini yangisiga almashtirish vaqti kelgandir? Dunyoning eng issiq davlatlari bo‘lmish Birlashgan Arab Amirligi, Qatar, Malayziya va boshqa shu kabi o‘lkalarda nega elektr tarmoqlarida bu qadar inqirozli uzilishlar kuzatilmaydi? Vaholanki, ushbu hududlar elektr energiyasi sarfi O‘zbekistondagidan bir necha baravar ko‘p.
Shuni ham ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda yilning issiq yoki sovuq oylarda faqat viloyat markazlari, ya’ni shaharlarda elektr energiyasi sarfi katta bo‘lishi mumkin. Lekin, mamlakatning aksariyat hududi qishloqlardan tashkil topgani bois, ushbu hududlarda elektr energiyasi sarfi katta bo‘lgan turli sovitish yoki isitish jihozlaridan foydalanish uyoqda tursin, “svet” kelganining o‘zi bir bayram.
Asosiy muammo — elektr tarmoqlaridagi uzilishlar oqibatida tez tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yoki jarrohlik amaliyoti olib borilayotgan shifoxonalar ahvoli nima bo‘lishida. Bundan tashqari, elektr energiyasi ogohlantirishsiz uzoq muddatga o‘chirilishi issiq tufayli ko‘chaga chiqishi tavsiya etilmayotgan aholining joniga jabr. Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ayrim tadbirkorlar o‘z biznesida jiddiy zarar ko‘rishi ham turgan gap. Ko‘ryapti ham.
Joriy yilning 25 martida Prezident raisligida o‘tkazilgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Energetika vaziri Alisher Sultonov Elektr tarmoqlari bo‘yicha 2021 yilning oktyabr oyigacha amalga oshiradigan ishlari to‘g‘risida hisobot bergan edi. Ushbu hisobot vaqtida Energetika vaziri bu yildan tizim talabni qondirishga tayyor bo‘lishini, O‘zbekiston hududida elektr ta’minotida muammo bo‘lmasligini aytib, Prezidentga va’da bergandi. Negadir yopishmapti. Energetika vazirining bergan va’dalari poytaxt tumanlarida soatlab chiroq o‘chishiga qanchalik to‘g‘ri kelyapti, sizningcha?
Iqlimning keskin o‘zgarishi, daraxtlar qirg‘ini, nobop ekologik muhit va unga inson omili orqali keltirilgan zararlar sabab O‘zbekiston ham issiq davlatlar sarasiga kirib qoldi. Yildan yilga muammolar ortyapti. Avval tuppa-tuzuk ishlab turgan podstansiyalar bugun ta’mirga muhtoj. Odam soni ko‘paymoqda, shahar kengayyapti. Bu esa avvaldan ma’lum edi. Infratuzilma bilan ishlaydigan har qaysi tashkilot kamida 10 yillik ehtimol bilan oldindan tayyorgarlik ko‘rib borishi kerak edi. Biroq, 5 yillik Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning o‘zini bugungi Energetika vazirligi bajara bildimi? Tizimda “schetchik”lar va rahbarlardan boshqa nima o‘zgardi. Avvallari qishda “svet” o‘chishiga ko‘nikib qolgan, gazdan umidini uzgan, isinish uchun ko‘mir yoqib, tunda ko‘mir “ugar”idan qurbon bo‘lgan odamlar uchun Energetika vazirligi nima qila oldi? Yozda ham “svet” o‘chishi bilan siyladimi?
Ha, boshqa mamlakatlarda ham chiroq o‘chadi. Ular ham muammolardan holi emas. Biroq, bo‘lganim shu, deb o‘tirmaydi. Aytaylik, kuni kecha Eronda Prezident Hasan Ruhoniyning topshirig‘i bilan elektr energiyasida katta uzilishlar bo‘ldi. Prezident bu uzilishlar sababini tushuntirib, xalqdan uzr so‘radi. Ularni ko‘p energiya sarf qilib qo‘yishda ayblamadi. Xo‘sh, Energetika vazirligidagi kattakonlar qachon xalqqa yuzlanadi?
LiveBarchasi