Qo‘liga erk bergan pedagog sohadan “uchadi”, bolalarga himoya orderi beriladi: yangi qonunda nimalar belgilangan?

Tahlil

image

15 maydan kuchga kirishi kutilayotgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, endi zo‘ravonlikka duch kelayotgan bolalarga himoya orderlari beriladi. Zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan bolaning oilasi baholanib, monitoring qilinadi, zarur holatda esa bola oiladan olib qo‘yilishi ham mumkin. Shuningdek, ta’lim muassasalarida “tili va qo‘liga ortiqcha erk bergan” pedagoglarni sohadan chetlashtirishni nazarda tutuvchi loyiha taqdim etilmoqda.

Ushbu qonunda yana nimalar nazarda tutilmoqda va O‘zbekistondagi bolalar huquqlariga oid statistik ma’lumotlar qanday? Maqolada shu haqda so‘z borib, muhim savollarga mutaxassisdan javoblar olinadi.

O‘zbekistondagi 14 yoshgacha bo‘lgan har o‘n bolaning olti nafari ruhiy, uch nafari jismoniy zo‘ravonlik ostida...

2022 yilda UNICEF (Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi) hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekiston jamiyatida ba’zi zo‘ravonlik shakllari ijtimoiy jihatdan normal qabul qilinayotganini ko‘rsatadi. Tadqiqotga ko‘ra:

  • 1-14 yoshdagi bolalarning 31 foizi zo‘ravonliksiz tarbiya usullari bilan tarbiyalanadi;
  • 1-14 yoshdagi bolalarning 29 foizi har qanday jismoniy jazoga duchor bo‘ladi (shundan 4 foizi shafqatsiz jazoga tortiladi);
  • 1-14 yoshdagi bolalarning 60 foizi psixologik zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi;
  • 1-14 yoshdagi bolalarning 62 foizi zo‘ravonlik elementlari bo‘lgan tarbiya usullariga duch keladi;
  • Bolalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi ona va boshqa shaxslarning 11 foizi bolalar jismoniy jazolanishi kerak deb hisoblaydi.

Qizig‘i shundaki, so‘rovnomada ishtirok etgan o‘zbekistonlik ayollarning 40,7 foizi ayrim hollarda o‘ziga nisbatan ham jismoniy jazo qo‘llanishini oqlaydi. Mutaxassislar fikricha, ayollarning bunday fikrlashiga sabab ularning bolalikda zo‘ravonlik ostida ulg‘aygani va buni normal qabul qilishidir. Zo‘ravonlik ko‘p takrorlanadigan oilada ulg‘aygan bolalar kelajakda o‘z farzandlari va turmush o‘rtog‘iga nisbatan abyuzerlik xarakterini namoyon etadi. Bu esa ajrimlar oshishi va zo‘ravonlik siklining turli ko‘rinishda davom etishiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, jamiyatda asabiy va tarang kayfiyat yuzaga keladi. Muammo ildiziga nazar qilinganida iqtisodiy va ijtimoiy omillar oilada zo‘ravonlik muhiti kelib chiqishiga sabab bo‘lishi ko‘rinadi.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, global miqyosda har 7 daqiqada bir nafar o‘smir zo‘ravonlik oqibatida vafot etadi. 176 million bola onasiga nisbatan qilinayotgan jismoniy zo‘ravonlik guvohi bo‘ladi. 15 dan 19 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 15 millioni allaqachon jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechirgan. Dunyo bolalarining 3/4 qismi atrofidagilarning “tarbiya” deb ataladigan jismoniy zo‘ravonligiga duch keladi. Bularning barchasi bolalar huquqlarining naqadar toptalayotganiga isbot bo‘la oladi.

Qanday holatlar zo‘ravonlik deb topiladi?

O‘zbekiston 1994 yildan buyon Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zolik qiladi. Bu esa mamlakatga bolalarning barcha turdagi huquqlarini ta’minlash va ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish majburiyatini yuklaydi. O‘tgan yilning mayida Qonunchilik palatasi bolalar huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan yana bir qonunni qabul qildi va noyabrda Prezident Mirziyoyev tomonidan tasdiqlanib, 2025 yilning mayidan kuchga kirishi belgilandi. 51 moddadan iborat mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Xususan, uning 3-moddasida shunday deyiladi:

“Bolaning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi”.

Bolani olib qo‘yish...

Mintaqa aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi va katta raqamlarda o‘sib borayotgan o‘zbekistonliklarga “bolajon xalq” deya ta’rif beriladi. Ammo oilalarda bola huquqlarining qay ahvoldaligini tasavvur qilish uchun yuqoridagi statistika yetarli. Qolaversa, tarmoqlarda mavjud ko‘pgina kadrlar bolalarning er-xotin o‘rtasidagi “o‘zaro ta’sir o‘tkazuvchi instrument”ga aylanganini ko‘rsatadi.

Samarqandlik otaning uch farzandini o‘ldirishi, namanganlik otaning xotini va uch farzandini bolta bilan chopib, so‘ng o‘zini yoqib yuborishi, toshkentlik  ayolning esa uch nafar farzandi va o‘zini 9 qavatdan tashlashi kabi holatlarning birortasida bolalarning aybi bo‘lmagan. Bularning bari kattalarning o‘zaro kelishmovchiliklari “mahsuli” edi. Biz gaplashayotgan qonun esa bunday oilalardan bolalarni olib qo‘yishni nazarda tutadi. Uning 28-moddasida belgilanishicha, zo‘ravonlik oqibatida bola hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid solinganda quyidagi choralar ko‘riladi:

  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni qonunda belgilangan tartib va asoslarda ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
  • himoya orderini berish;
  • zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolani ota-onasi (ularning biri)dan yoki uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish.

Shuningdek, bolani olib qo‘yish borasida qonunning 38-moddasida ham so‘z boradi. Unga ko‘ra, vakolatli davlat organi hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolgan bolani zudlik bilan olib qo‘yishga doir chora ko‘rishga haqli. Shundan so‘ng bola:

  • bola manfaatlariga muvofiq shart-sharoitlar yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
  • bolaning qarindoshlarinikiga;
  • bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
  • vakolatli davlat organining hisobida turgan shaxslarnikiga;
  • tibbiyot muassasasiga (bolaning sog‘lig‘ida muammolar bo‘lganda);
  • zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtiriladi.

IHMA Qiyin vaziyatdagi bolalarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Laylo Fayzimurodovaning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, keyingi jarayonda bolaning oilasi baholanib, monitoring qilinadi. Agar ota-ona bola hayoti yoki sog‘ligiga tahdid soluvchi shaxs deb hisoblansa, bola oiladan olib qo‘yiladi, zaruriy hollarda ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum qilish bo‘yicha hujjatlar yig‘iladi va sudga chiqariladi. Ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum qilish esa sud qarori asosida hal qilinadi.

Himoya orderi qanday ishlaydi?

Mazkur qonunning 32-moddasida bolaga himoya orderi berish haqida so‘z boradi va unda belgilab qo‘yilishicha, zo‘ravonlik jabrlanuvchisiga 30 kunlik himoya orderi rasmiylashtiriladi. Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Himoya orderi talablari bajarilmagan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206ˡ-moddasi (Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik)da belgilab qo‘yilganidek, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinishi yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: bola unga zo‘ravonlik qilayotgan shaxs bilan bir tom ostida yashaydigan holatda himoya orderi qanday ishlaydi? Laylo Fayzimurodovaga ko‘ra, zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga jabrlanuvchi yashaydigan uy-joy maydonidan yoki agar ular bir xonadonda doimiy yashasa, uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining o‘qish yoki ish joyiga yoxud u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashish huquqi vaqtinchalik cheklanadi.

Bolaga qo‘l ko‘targan pedagog sohadan chetlashtiriladi

Kuchga kirishi kutilayotgan mazkur qonunning 44-moddasida esa ta’lim muassasalarida bolalarni “urib-so‘kishga” yo‘l qo‘yilmasligi aytilmoqda.

Fayzimurodovaga ko‘ra, mazkur modda ijrosini ta’minlash yuzasidan IHMA tomonidan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha loyiha tayyorlangan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, “zo‘ravon pedagoglar”ning ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 44- (Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar) hamda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi (Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga oid cheklovlar)ga “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas” va “pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga qabul qilish man etiladi” kabi jumlalar kiritilmoqda.

Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlar murosaga kela olmayotgan o‘qituvchi va o‘quvchi, kaltaklanayotgan bog‘cha tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq turli kadrlarning muhokama maydoniga aylanayotgan bir paytda mazkur loyiha tasdiqdan o‘tadimi, tasdiqlangan taqdirda muammoni bartaraf etadimi yoki yo‘q, hozircha bizga qorong‘i. Ammo yaqinda kuchga kirishi kutilayotgan qonun yaxshigina muhokamalarga sabab bo‘lishi aniq.


Maqola muallifi

Teglar

bolalarga zo'ravonlik bolalar haqida qonun bolalar himoya orderi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar