Qo‘qonning “bezori” bolasi, dardini to‘kkan To‘xtamurodov
Tahlil
−
16 mart
164122023 yil so‘nggida Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida qo‘lga olingan MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodovga sud hukmi o‘qildi. Unga qo‘yilgan ayblov ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirgani bois sportchi ozodlikka chiqarildi.
O‘tgan yilning dekabr oyi boshida Humoyun To‘xtamurodov Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringani ma’lum bo‘lgan edi. Voqea ortidan sportchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangan va unga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan 3 oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.
Sportchi jazo muddatini o‘tash uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 42-manzil-koloniyaga yuborilgan. Uning advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudiga iltimosnoma bilan murojaat qilib, To‘xtamurodovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasini qo‘llab, o‘talmay qolgan jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod etishni so‘ragan.
Shu yilning 26 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sud advokatning iltimosnomasini qanoatlantirib, To‘xtamurodovning o‘talmay qolgan 3 oy-u 2 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod etgan.
QALAMPIR.UZ ozodlikka chiqqan To‘xtamurodovning kundalik hayot tarzi, qamoqdan chiqqanidan so‘ng hayotida nimalar o‘zgargani va u “ichkari”da sportdagi kelgusi faoliyati haqida qanday xulosalarga kelganiga qiziqib, Qo‘qon shahriga yetib bordi.
To‘xtamurodovga ko‘ra, u sevimli shahrida oddiy hayot kechiradi va hech qanday ishkalli holatlarga aralashmaydi.
Avvalroq, Farg‘ona viloyat sudi Matbuot kotibi Qobiljon Mutaliyev QALAMPIR.UZ'ga 2024 yilning 30 yanvar kuni Qo‘qon shahar sudi fuqaro Humoyun To‘xtamurodovni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topib, uni 6 oy ozodlikdan mahrum qilganini ma’lum qilgandi.
Sud hujjatida yozilishicha, Humoyun To‘xtamurodov 2023 yilning 27 noyabr kuni soat 14:00 larda Qo‘qon shahri Furqat ko‘chasida Kia rusumli avtomobilida past tezlikda harakatlanib, ortidan kelayotgan Damas rusumli avtomobilga yo‘l bermagan. Damas boshqaruvidagi haydovchi signal chalganiga qaramay, sportchi yo‘lni bo‘shatmagan.
Shundan so‘ng, Damas va Kia rusumli avtomobillar o‘rtasida o‘zaro poyga boshlanadi va bu vaqtda Damas ichidagi yo‘lovchilar Kiaʼdagi yigitlarni tanib qoladi. Damas haydovchisi Kiaʼni siquvga olib, yo‘l chetida to‘xtashga ishora beradi. Damas egasi uni tanishini aytib, Humoyun To‘xtamurodovga “O‘zligingizda bo‘ling, o‘zligimizni unutmaylik”, qabilida nasihat beradi. Bu gapdan keyin To‘xtamurodov fuqaroning yuziga bir marta urib yuboradi. Uning yonida bo‘lgan boshqa bir kishi janjalga aralashmoqchi bo‘lganida, uni ham urib, yengil tan jarohati yetkazadi.
To‘xtamurodovga ko‘ra, sportchining yo‘lovchini urishiga sabab, Damas haydovchisi sportchining yo‘lini to‘sib, u bilan qo‘pol ohangda gaplashgan.
“Qilgan ishimga yarasha qonuniy chora ko‘rishdi. O‘zimga tegishli jazoni o‘tab, qaytib keldim. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, men hayotim davomida hech kimga, hech qachon o‘zimdan-o‘zim qo‘pol gapirmayman”, deydi sportchi.
Ma’lum bo‘lishicha, To‘xtamurodov Qo‘qon shahrida atrofiga odam to‘plab, guruh tuzib, har xil ishkallarga aralashmagan.
“Qo‘qon juda zich shahar. Deyarli hamma bir-birini taniydi. Hech qachon guruh tuzib, turli mojarolarga aralashmaganman. Men haqimda tarqayotgan bunday xabarlar asossiz” deydi To‘xtamurodov.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ 25 yoshli sportchiga o‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodov bilan aloqalari nega yomonlashgani va sportdagi kelgusi rejalari bilan bog‘liq savollar bilan yuzlandi.
“Mahmud aka bilan oramizda sal tushunmovchilik bo‘lgan, lekin hozir hammasi yaxshi. Shaxsiy ishlarim tufayli Murodov jamoasidan chetda qolib ketdim. Mahmud akani jamoasida bo‘lishim uchun men Toshkentda yashashim kerak. Blogerlar oshirib-toshirib gapiraveradi. Murodov bilan aloqamiz yaxshi”, deb aytdi jangchi.
Shu vaqtgacha MMA’da 10 ta jang o‘tkazgan To‘xtamurodovning navbatdagi jangi sanasi va raqibi ham tez orada aniq bo‘ladi.
“Hozirda mashg‘ulotlarga kuch berganman. Ramazon oyidan keyin jang qilaman”, deya qo‘shimcha qildi sportchi.
Ma’lumot uchun, Humoyun To‘xtamurodov 1999 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Sportdagi faoliyati davomida Toshkent hokimi kubogi, O‘zbekiston Turon kubogi, R-1 xalqaro turniri va O‘zbekiston K1 chempionatlarida g‘olib bo‘lgan.
LiveBarchasi