Quddusda vaziyat chigallashdi. Terakt sodir bo‘ldi
Olam
−
28 yanvar 2023
9728Shu haftaning ikkinchi yarmida Quddusda bo‘lgan voqealar vaziyatning chigallashayotganini ko‘rsatdi. Dastlab 26 yanvar kuni Isroil harbiylari tomonidan o‘tkazilgan reyd oqibatida 9 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Kecha, 27 yanvar kuni esa Sharqiy Quddusdagi yaxudiylar sinagogasida bo‘lgan terakt 7 kishining umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Isroil 26 yanvar kuni “Islomiy jihod” qurolli guruhi a’zolarini bir nechta yirik teraktlar uyushtirganlikda va yana boshqa teraktlarni reja qilayotganlikda gumon qilib, ularni qo‘lga olish uchun maxsus kuchlarni Jenin shahriga yuborgan. Jeninda o‘tkazilgan reyd chog‘ida nafaqat “Islomiy jihod” guruhi a’zolari, balki mahalliy aholi vakillaridan bir erkak va ayol ham halok bo‘lgan.
Oradan bir kun o‘tib, 27 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:15 da Quddusning Neve Yaakov mahallasidagi yaxudiylar sinagogasida terakt sodir bo‘ldi. Bu teraktda mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan Sharqiy Quddusdan kelgan falastinlik deb taxmin qilinayotgan shaxs sinagogada ibodat qilayotgan dindorlarga qarata o‘t ochgan. Politsiya zobitlari keyin uni otib o‘ldirgan. Voqea joyida 7 kishi halok bo‘lgan, yana uch nafari yaralangan.
Falastinlik jangari guruhlar hujumni olqishlasada, voqeada ularning a’zolari qatnashganini inkor etdi.
Quddusdagi vaziyat yomonlashgach, dunyo yetakchilari holatga o‘z munosabatlarini bildira boshladi. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun ikki tomon bilan ham hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.
“Tanglikni pasaytirish, osoyishtalikni tiklash va keyingi mojarolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun Isroil va Falastin hukumati bilan faol hamkorlik qilinmoqda”, deydi BMT vakili Tor Venneslend Twitter’dagi sahifasida.
AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan suhbatlashib, ularni qo‘llab-quvvatlashini aytdi va yordam berishni taklif qildi.
LiveBarchasi