Quddusda terakt sodir etildi. 5 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
08 Sentabr 5044 2 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni Quddusdagi yo‘l chorrahasida yuz bergan otishma oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, teraktni uyushtirgan ikki kishi o‘ldirilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Isroil politsiyasiga ko‘ra, ikki qurolli shaxs shahar shimolidagi Ramot chorrahasida avtobus bekatiga o‘t ochgan. Xavfsizlik xodimi va bir fuqaro qarshi o‘t ochib, hujumchilarni “zararsizlantirgan”.
Isroil Tez yordam xizmati Magen David Adomga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 30 yoshlar atrofidagi uch erkak, 50 yoshlar atrofidagi bir ayol va yana 50 yoshlar atrofidagi bir erkak bor. Mahalliy shifoxonalarga o‘qdan yaralangan to‘qqiz kishi, shuningdek, oyna siniqlaridan jarohatlangan yana uch kishi yetkazilgan.
“10:13 da taxminan 15 nafar yarador haqida ma’lumot kelib tushdi. Ularning otishma oqibatida jarohatlangani taxmin qilinmoqda. Hodisa Ramot chorrahasida, Igal Yadin ko‘chasida yuz bergan”, deyiladi Magen David Adomning tonggi bayonotida.
Keyinroq shifokorlar va tez yordam brigadalari besh nafar og‘ir yaradorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgani va ularni Quddus shifoxonalariga olib ketilgani haqida xabar berilgan.
“Turlicha darajadagi jarohatlar olgan boshqa bir qancha jabrlanuvchilarga ham voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi shifokorlar bayonotida.
Isroil nashrlarining xabar berishicha, hujumchilarning nishonlaridan biri avtobus bo‘lgan. Guvohlardan biri “Keshet 12” kanaliga bergan intervyusida odam to‘la avtobusda ketayotganida eshik ochilib, otishma boshlaganlar ichkariga kirganini, u orqa eshik yonida bo‘lgani sababli chiqib, qochishga ulgurganini aytgan. Ayol yaqin atrofdagi boshqa mashina tagiga yashirinib, otishma tugaguncha o‘sha yerda qolgan.
“O‘sha yerda tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada otishma bo‘ldi. Men hozir tirikligimga ishonmayapman. O‘sha otishmani tasvirlab bo‘lmaydi”, deydi u.
Hozircha birorta ham qurolli guruh hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q. “The Times of Israel”ning yozishicha, hujumchilar G‘arbiy Sohildan, Ramalloh atrofidagi qishloqlardan bo‘lgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi o‘sha hududlar tomonga yo‘l olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva viloyatida noma’lum shaxs harbiy kolonnaga hujum qilishi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi