Qo‘chqorov 2019 yil yakunida kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni ochiqladi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida” Qonun muhokama qo‘yilgan. Qonun muhokamasi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qilmoqda. 

Qo‘chqorov o‘z ma’ruzasida 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma haqida o‘z yuritishdan avval, 2019 yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda Davlat byudjetining ijrosiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 

Qo‘chqorovga ko‘ra, yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi yil boshida prognoz qilingan 5,4 foiz o‘rniga 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Jahon banki hamda Osiyo taraqqiyot banki baholari ham shuni tasdiqlamoqda.

Bunda, o‘sish qurilish sohasida 11,8 foiz, sanoatda 6,4 foiz va xizmatlar sohasi 6,1 foizni, qishloq xo‘jaligida esa 3 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

2019 yil yakunlariga ko‘ra Davlat byudjeti daromadlari  112 trln. 600 mlrd so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 42 foizga oshishi kutilmoqda.

Xabaringiz bor 2019 yildan boshlab:

•    davlat maqsadli jamg‘armalarga tovar aylanmasidan olinadigan 3,2%li majburiy ajratmalar bekor qilindi;

•    yuridik shaxslarning mulk solig‘i stavkasi 5%dan 2%gacha kamaytirildi;

•    jismoniy shaxslar daromadi solig‘i progressiv stavkalarini o‘rniga yagona 12%li stavka joriy qilindi (7,5/16,5/22,5);

•    fuqarolarning 8%li majburiy sug‘urta badali bekor qilindi;

•    yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi xususiy sektor uchun 25%dan 12%gacha kamaytirildi;

•    yagona soliq to‘lovi stavkasi 5%dan 4%gacha kamaytirildi.

Shu bilang birga yillik aylanmasi 1 mlrd. so‘mdan oshgan korxonalar uchun umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish tartibi joriy qilinganligi sababli:

•    qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari yil boshidagi 7 mingdan 82 mingtaga yetdi;

•    yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lovchilari 7,5 mingtadan 48 mingtaga;

•    mulk solig‘i to‘lovchilari 9,3 mingtadan 64 mingtagacha;

•    yer solig‘i to‘lovchilari 12,8 mingtadan 74 mingtagacha;

•    suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilar soni 3,4 mingdan 50 mingtaga oshdi;

•    jismoniy shaxslar daromadidan soliq to‘lovchilar soni 730 mingtadan oshdi.

“Soliq stavkalarining pasayishi natijasida joriy yilda davlat byudjeti va pensiya jamg‘armasining yo‘qotishlari 9,4 trln.so‘mni tashkil qilishi kerak edi.

Biroq, ishlab chiqarish hajmlarininng kengayishi, tariflarni to‘g‘rilash (korrektirovka), paxta, g‘alla, un va non narxlarining erkinlashtirilishi, hamda joriy etilgan soliq islohotlari natijasida qo‘shimcha daromad bazalarining kengayishi hisobiga yo‘qotishlar o‘rnini qoplab, byudjetga tasdiqlangan prognozga nisbatan qo‘shimcha 10 trln so‘m mablag‘ undirishga erishishni mo‘ljallayapmiz.   

Jumladan mahalliy byudjetlar ixtiyorida joriy yil oxiriga qadar qariyb 6 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘lar qolishi kutilmoqda (2018 yilda – 5,5 trln. so‘m, 2017 yilda 1 trln. so‘m bo‘lgan)”, deydi Moliya vaziri.

Qayd etilishicha, Davlat byudjeti xarajatlari 115 trln 700 mlrd  so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 36 trln 700 mlrd so‘mga yoki 46,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yil davomida tushirilgan qo‘shimcha daromadlar hisobidan:

•    hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga – 6 trln. so‘m (mahalliy byudjetlar hisobidan);

•    Investitsiyalar uchun – 5 trln. so‘m (Toshkent viloyati – 1,1 trln. so‘m, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga – 700 mlrd. so‘m, qo‘shimcha investitsiya ob’ektlariga – 1,4 trln. so‘m va boshqalar);

•    arzon uy-joylar qurilishini kredit liniyalari orqali moliyalashtirishga – 1,2 trln.so‘m;

•    ish haqi oshishi va un kompensatsiyasi uchun – 1 trln. so‘m;

•    xususiy-sherikchilik asosida tashkil topgan nodavlat bog‘chalarni qurish uchun kredit liniyalari uchun – 800 mlrd. so‘m ajratildi.

Natijada davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalar defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,9 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 

Umumiy fiskal balans defitsiti esa 3,1 foizni tashkil qiladi. 

Umumiy fiskal balans davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalar balansini ya’ni 0,9 foiz, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi defitsiti 0,9 foizni va Davlat byudjetidan qoplanadigan tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar 7 trln. so‘m bu kutilayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,3 foizni hisobga olgan holda davlatning umumiy byudjet balansini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichdir.

Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflyatsiya darajasi nisbatan baland bo‘lishi va 15,5 foizdan oshmasligi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov

Baholaganlar

17

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing