Qrim va Rossiya shaharlariga yirik dron hujumi uyushtirildi (video)

Olam

image

Bugun, 17 mayga o‘tar kechasi Rossiyaning uchta viloyati va anneksiya qilingan Qrimga 100 dan ortiq uchuvchisiz samolyotlar hujum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Vazirlikka ko‘ra, Qrim hududida 51 ta, Krasnodar o‘lkasida 44 ta, Belgorod viloyatida 6 ta, Kurskda esa bitta kamikadze droni urib tushirilgan yoki tutib olingan.

Krasnodar o‘lkasida Novorossiysk va Tuapse shaharlari hujumga uchradi. Viloyat gubernatori Veniamin Kondratev kechasi Novorossiyskdagi hujum paytida 10 dan ortiq dron bostirilganini va “mahalliy yong‘inlar yuzaga kelganini” aytdi.

Ayrim Telegram-kanallarning yozishicha, shaharga uyushtirilgan yirik hujum paytida 30 dan ortiq portlash ovozlari eshitilgan.

“Taxminan ertalab soat uchdan otishma va portlashlar eshitildi. Ertalab soat to‘rtda havo hujumi sirenasi yangradi. Soat besh bo‘ldi va hali ham otishmalar va portlashlar eshitilmoqda”, degan mahalliy aholidan biri.

Novorossiyskdagi havo hujumi signali faqat soat 7:00 dan keyin bekor qilindi. Shu vaqtgacha jamoat transporti ishlamagan va shahar aholisidan “na maktabga, na ish uchun” uylaridan chiqmaslik so‘ralgan. Rasmiylar Novorossiyskdagi hujumdan maqsad nima ekanligini aytishmagan. “Astra” Telegram kanalining da’vo qilishicha, portlashlardan keyin port quvvatsizlangan.

Krasnodar o‘lkasining Qora dengiz bo‘yidagi yana bir shahrida uchuvchisiz samolyotlar bir necha bor nishonga olingan Tuapse neftni qayta ishlash zavodiga, shuningdek, Rossiyadagi boshqa neftni qayta ishlash ob’ektlariga hujum qildi. Guvohlar dron halokati va zavod hududida sodir bo‘lgan yong‘in aks etgan videoni suratga olishgan.

“Hammasi bo‘lib ikkita dron bor edi, ulardan biri qulashi natijasida neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in sodir bo‘ldi, qurbonlar yo‘q. Yong‘in o‘rab olindi, ammo hali o‘chirilmagan”, deb xabar berdi rasmiy ma’muriyatning tezkor shtabi.

Gubernator Mixail Razvojaevning bayonotiga ko‘ra, anneksiya qilingan Sevastopolda maktablar va bolalar bog‘chalarida darslar elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli bekor qilindi, chunki Sevastopol podstansiyasi shaharga qilingan ommaviy hujumdan so‘ng shikastlangan edi. Ta’mirlash kamida bir kun davom etadi.

“Belgorod yaqinida joylashgan Oktyabrskiy qishlog‘ida bir ayol va uning to‘rt yoshli o‘g‘li halok bo‘ldi. Kamikadze dron haydovchi va uch nafar yo‘lovchi bo‘lgan mashinaga hujum qilgan”, degan gubernator Vyacheslav Gladkov. 

Ukraina tomoni bu bayonotlarga rasman izoh bermadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Qrim dron hujumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing