Qozog‘istonning “paytavasiga qurt tushdi”. Mamlakat Rossiya bilan urushdan xavfsirayapti – OAV

Tahlil

image

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, Markaziy Osiyodagi Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh yagona davlat — Qozog‘iston Moskva bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” Qozog‘istonning amaldagi hamda sobiq amaldorlari, siyosatchilari va tahlilchilarining so‘zlariga tayanib yozmoqda.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston endi AQSH, Turkiya va Xitoy siymosida yangi ittifoqchilar qidira boshlagan. 

“Ko‘p yillar davomida Qozog‘istonda Rossiya va Xitoy o‘rtasida so‘zsiz “mehnat taqsimoti” mavjud edi: Moskva xavfsizlikni nazorat qilgan, Pekin esa iqtisodiy rivojlanish bilan shug‘ullangan”, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, Ukrainada urush boshlanishi bilan vaziyat o‘zgara boshlagan. Aprel oyi oxirida Xitoy Milliy mudofaa vaziri Vey Fenxe Qozog‘istonga tashrif buyurgan va u yerda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashib, harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya bilan yaqinroq aloqa o‘rnatishga intilmoqda. May oyi boshida To‘qayev Anqaraga rasmiy tashrif bilan borgan, u yerda ikki davlat vakillari Qozog‘istonda harbiy dronlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolagan. 

Shuningdek, aprel oyidan beri Qo‘shma Shtatlardan Qozog‘istonga bir qancha rasmiylar kelgan, masalan, iyun oyida mamlakatga AQSH Markaziy qo‘mondonligining yangi rahbari, armiya generali Maykl Erik Kurilla tashrif buyurgan.

Nashrning qayd etishicha, Qozog‘iston Ukrainaning qattiq qarshiligidan saboq olib, mamlakat mudofaa byudjetini 441 milliard tengega (918 million dollarga yaqin) oshirishga qaror qilgan. Shu bilan birga nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Qozog‘iston Ukrainadagi mojarodan xulosa qilgan holda, armiyani gibrid urushga tayyor bo‘lishi uchun isloh qilishi kerak.

“The Wall Street Journal”ning yozishicha, G‘arbda ba’zilar Rossiya armiyasini xavfli bo‘lmagan dushman deb hisoblay boshlaganiga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlaridan birining yuqori martabali amaldori rasmiy Moskva ambitsiyalari qarshisidagi qo‘rquv tobora kuchayib borayotganini aytgan.

Boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi Qozog‘iston ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin urushga nisbatan betaraflikni saqlab qoldi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda nozik muvozanat saqlanib turibdi: Qozog‘iston Ukrainadagi urushga qarshi namoyishlarni taqiqladi, biroq Rossiya bosqinining ramzlaridan biri bo‘lgan “Z” belgisini omma oldida namoyish qilishni ham chekladi.

Ma’lumot uchun, 17 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni kvazidavlat hududlari deb atadi va Qozog‘iston ularni tan olmasligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston G‘arbning ayrim sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanayotgan edi: iyul oyi boshida Qozog‘iston Moliya vazirligi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni Rossiya va Belarusga yetkazib berishni taqiqlovchi buyruq loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. 6 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni izohlar ekan, hozircha hech qanday qaror yo‘qligini va “hukumatlar doimiy aloqada” ekanini aytdi. Shundan keyin hujjatning qabul qilinishi haqida xabar berilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston Putin To'qaev

Baholaganlar

1734

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing