Qozog‘istonliklar gaz narxi oshgani ortidan ommaviy mitingga chiqdi (video)
Olam
−
04 yanvar 2022
10832Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, namoyishga chiqqanlar hatto avtomobil yo‘lini ham to‘sib qo‘ygan.
Mang‘istau viloyati hokimligining ichki siyosat boshqarmasi Matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aholining xatti-harakatlari qonunga xilof tarzda amalga oshirilgan. Ular namoyish o‘tkazilishidan 5 ish kuni avval hokimlikni xabardor qilishi kerak edi.
“Soat 11:00 da avtomobil egalari Janaozendagi FHDYO binosi yonida to‘planib, suyultirilgan gaz narxini pasaytirish masalasini muhokama qildi. Yig‘ilganlarga suyultirilgan gazni sotish bo‘yicha ishlarning ahvoli va “Tinch namoyishlar tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun, xususan, ularning xatti-harakatlari qonunga xilof ekani, miting o‘tkazilishidan 5 ish kuni oldin hokimlikni xabardor qilish zarurligi tushuntirildi”, deyiladi Matbuot xizmati bergan xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimligi vakillari yig‘ilganlarni o‘z talablarini yozma ravishda bayon etishga taklif qilgan.
Mang‘istau viloyati Energetika va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Berdibek Kartbayev gaz narxining oshishiga izoh berar ekan, respublikada gazning o‘rtacha narxi litri uchun 110 tenge, qo‘shni Atirau viloyatida — 115 tenge yoki Uralskda — 120 tengeni tashkil etishini ta’kidladi.
“Ayni paytda viloyatda oxirgi iste’molchi uchun gaz narxi 95−115 tenge atrofida. Avvalgi 60 tengelik narx qaytmaydi, chunki endi gazning narxi transport va tadbirkorning operatsion xarajatlarini hisobga olmaganda, litri 70−85 tengeni tashkil etadi”, deya tushuntirgan Berdibek Kartbayev.
Ammo namoyishchilarga bu tushuntirish kifoya qilmadi. Keyinroq Mang‘istau viloyati markazi Aqtau shahrida ham avtomobil egalari ishtirokida namoyishlar boshlandi. Ayniqsa, kecha, 3 yanvar kuni kechqurun yuzlab namoyishchilar Aqtaudagi “Intimak” maydonida yig‘ildi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘zining Twitter sahifasida hukumat komissiyasi ish boshlagani, uning tarkibiga Prezident ma’muriyati xodimlari ham kirganini ma’lum qildi.
“Respublika tezkor shtabi doimiy asosda ish olib bormoqda. Hukumatga Janaozendagi vaziyatni iqtisodiy maqsadga muvofiqligini hisobga olgan holda zudlik bilan huquqiy jihatdan ko‘rib chiqishni topshirdim. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tartibi buzilmasligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, deb yozdi Toqayev Twitter’dagi sahifasida.
Shuningdek, Prezident namoyishchilarni mas’uliyatli va tayyor bo‘lishga chaqirdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr