Qozog‘istonga yordam bermoqchi bo‘lgan Qirg‘izistonning o‘zida namoyishlar boshlandi
Olam
−
07 yanvar 2022 27995 1 daqiqa
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB – KXSHT) tinchlikparvar kuchlari tarkibida qirg‘iz harbiylarining ham Qozog‘istonga kiritilishiga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bishkekdagi parlament binosi oldiga to‘plangan jamoatchilik faollari KXSHTning Qozog‘istonda tinchlikparvar kuchlarni qo‘llash qaroriga norozilik bildirgan. Aksiyani qo‘llab-quvvatlash uchun 20 ga yaqin odam to‘plangan.

“Biz deputatlar fikriga ta’sir qilish uchun yig‘ildik. Hammamiz KXSHT qaroriga qarshimiz, chunki tashkilot kuchlaridan faqat tashqi tajovuzda foydalanishi mumkin. Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealar esa mamlakatning ichki muammosidir. Biz bunday vaziyatda Qirg‘iziston va KXSHTga a’zo boshqa davlatlar aralashmasligi kerak, deb hisoblaymiz”, degan aksiya ishtirokchilaridan biri Klara Sooronqulova.

Ma’lumot uchun, bugun, 7 yanvar kuni Qirg‘iziston parlamenti harbiy xizmatchilarini KXSHT tinchlikparvar missiyasi tarkibida Qozog‘istonga yuborishga qaror qilgan.

Parlament deputatlari tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, Qozog‘istonga 150 nafar harbiy xizmatchi, 19 birlik avtomobil va zirhli texnika jo‘natiladi.

Eslatib o‘tamiz, KXSHT tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi.

Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr