Qozog‘istonga kirishga majburiy pullik ruxsatnoma joriy etildi
Olam
−
16:50 1088 2 daqiqa
Qozog‘iston viza talab qilinmaydigan xorijliklar uchun mamlakatga kirishga pullik elektron ruxsatnomalarni bosqichma-bosqich joriy etishni boshladi. Mamlakatga kirishning yangi qoidalari haqidagi tafsilotlarni Serbiya TIV e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Electronic Travel Authorization (ETA) ruxsatnomasi QazETA raqamli platformasi orqali beriladi. Ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun safardan kamida 72 soat oldin ariza topshirish kerak. Ruxsatnoma 180 kalendar kuniga beriladi va ushbu davr mobaynida mamlakatga bir necha bor kirish imkonini beradi.
Ruxsatnomalarni joriy etish bosqichlari haqida quyidagilar ma’lum:
25 avgustdan 1 noyabrgacha yangi tizim test rejimida ishlaydi. Ushbu davrda xorijliklar mamlakatga ruxsatnomasiz kiritiladi. Chegarachilar keyingi safar kirish uchun bunday ruxsatnoma talab qilinishi haqida ogohlantiradi.
- 1 noyabrdan elektron ruxsatnoma Qozog‘istonga samolyotda boruvchilar uchun majburiy bo‘ladi.
- 15 noyabrdan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi chegarasini, ya’ni Qozog‘istonning Xitoy, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegarasini avtomobil yoki avtobusda kesib o‘tuvchilar uchun ruxsatnoma talab qilinadi.
- 30 noyabrdan talab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ichki chegaralaridagi – Rossiya va Qirg‘iziston bilan avtomobil o‘tkazish punktlariga tatbiq etiladi.
- 15 dekabrdan ruxsatnoma mamlakatga poyezdda va dengiz orqali keluvchilar uchun majburiy bo‘ladi.
Qozog‘iston vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlar fuqarolari uchun kirishga pullik elektron ruxsatnomalar joriy etishi haqida avgust oyi boshida ma’lum bo‘lgan. Tegishli qaror loyihasini Qozog‘iston IIV e’lon qilgan. Idora ruxsatnomalar 2026 yilning avgustidan dekabrigacha joriy etilishini ma’lum qilgan. O‘shanda bosqichlar yoki ruxsatnoma qiymati haqida rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan.
Live
Barchasi