Qozog‘istondagi “Qonli yanvar” voqealarida o‘zbekistonliklar ham qatnashgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov mamlakatdagi yanvar tartibsizliklarida qaysi davlat fuqarolari ishtirok etganini ma’lum qildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

“Ommaviy tartibsizliklarda va boshqa jinoyatlarda ishtirok etganlikda gumonlanuvchi sifatida xorijliklar ham tan olingan. Ular orasida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari bor”, deydi Asilov.

Qayd etilishicha, hibsga olinganlar orasida buzg‘unchi diniy oqimlarning sakkiz nafar tarafdori ham bor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar orasida odamlarni o‘z safiga jalb qilgan, qurollangan, ratsiya va transport vositalari sotib olgan uyushgan jinoiy guruhlar ham bor.

Asilovning qo‘shimcha qilishicha, bu qo‘poruvchilik harakatini alohida xavfsizlik kuchlari nazorat qilgani ham aniqlangan.

Avvalroq Olmaotada “qonli yanvar” voqealari qurbonlari xotirasiga yodgorlik ochilgandi.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olmaotaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qildi, qurol-yarog‘larni olib ketdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti dan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing