Qozog‘istonda tug‘ilish rekord darajada pasaydi

Olam

image

Qozog‘istonda tug‘ilish darajasi pasayishda davom etmoqda. 2026 yilning birinchi choragida mamlakatda 74,1 ming nafar bola dunyoga kelgan  va bu so‘nggi 20 yildagi eng past ko‘rsatkich. Bu haqda “Finprom.kz” xabar berdi.

Qozog‘istonda tug‘ilish darajasi pasayishda davom etmoqda. “Finprom.kz” ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-mart oylarida mamlakatda 74,1 ming nafar bola tug‘ilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,2 foizga kam. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi 20 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilning birinchi choragida 100,5 ming nafar bola dunyoga kelgan. Besh yil ichida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni chorakdan ko‘proqqa kamaygan. Tahlilchilarning aytishicha, bunday tendensiya faqat Qozog‘istongagina xos emas.

“Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sonining kamayishini faqat Qozog‘istonning ichki muammosi deb qaramaslik kerak. Bu ikkinchi demografik o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan yanada kengroq global trendning bir qismidir”, deyiladi xabarda.

Pasayish ham shaharlarga, ham qishloqlarga ta’sir ko‘rsatgan. Shahar joylarda tug‘ilganlar soni 2,3 foizga, qishloq joylarda esa 7,2 foizga kamaygan. Eng ko‘p bola Turkiston viloyatida tug‘ilgan – 10,4 ming. Keyingi o‘rinlarni Olmaota (7,2 ming), Chimkent (6,3 ming), Olmaota viloyati va Ostona (6,2 mingdan) egallagan. Eng past ko‘rsatkichlar Ulitau (738 nafar bola), Shimoliy Qozog‘iston (1,1 ming) va Sharqiy Qozog‘iston (1,6 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Tug‘ilish koeffitsiyenti ham pasaymoqda. 2026 yilning birinchi choragida u har ming kishiga 14,58 ni tashkil etgan, vaholanki o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 15,39 ga teng bo‘lgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Turkiston viloyatida, eng pasti esa Shimoliy Qozog‘iston viloyatida kuzatilgan.

“Agar yosh oilalar yashash sharoiti yomonligi sababli ko‘chib ketayotgan bo‘lsa yoki farzand ko‘rishni keyinga qoldirayotgan bo‘lsa, bu allaqachon hududiy siyosatning samaradorligi masalasidir”, deydi tahlilchilar.

Ekspertlarning fikricha, davlat va hududlar ijtimoiy infratuzilmani rejalashtirish va hududlarni rivojlantirishda yangi demografik vaziyatni hisobga olishlari zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda O‘zbekistonda tug‘ilish va nikohlar soni kamaygani haqida xabar berilgan edi. Statistikaga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 884 500 bola tug‘ilgan – bu 2024 yilga (926 400) nisbatan 5,3 foizga kam. Bu pasayish deyarli barcha hududlarda kuzatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston tug'ilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing