Qozog‘istonda mushkul ahvolda qolganlar O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
30 avgust 4767 1 daqiqa
Qozog‘istonning Aqtov shahrida mushkul vaziyatga tushib qolgan 5 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur insonparvarlik ko‘magi O‘zbekistonda 30 iyuldan 30 avgustga qadar e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” aksiyasi doirasida amalga oshirilgan.
O‘zbekiston rasmiy vakillari fuqaroning mamlakatga qaytishi uchun aviachipta xarid qilib bergan. 5 fuqaro 29 avgust kuni “Aqtov-Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha samolyot orqali O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Migratsiya agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning 30 iyulidan 30 avgustigacha “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda. Aksiya doirasida xorijiy davlatlarda mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Birinchi navbatda, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Janubiy Koreyada deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshadagi deportatsiya markazlarida 2 oydan ziyod qolib ketgan o‘zbekistonliklar ortga qaytarilgandi.
Live
Barchasi