Qozog‘istonda migrantlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Olam

image

Qozog‘istonda migrantlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Xususan, joriy yil 25 iyuldan boshlab patrul politsiya xodimlari kundalik xizmat vazifalari doirasida mamlakatda qonuniy ravishda bo‘lib turganini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishni boshlaydi, shuningdek, migratsiya nazoratida yanada faol ishtirok etadi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi qoidalar Ichki ishlar vazirligining buyrug‘i bilan mustahkamlangan bo‘lib, unda politsiyaning chet el fuqarolari bilan aynan qanday hamkorlik qilishi kerakligi aniqlashtirilgan. Chet elliklar bilan aloqalar xizmat vazifalari doirasida, masalan huquqbuzarliklarning oldini olish yoki yordam ko‘rsatish jarayonida amalga oshiriladi.

Hujjatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Politsiyachilar pasportning amal qilish muddatini, viza va respublikada qonuniy bo‘lib turishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar mavjudligini tekshiradi. Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ular qonunga muvofiq chora ko‘rishga majbur bo‘ladi.

“Tekshiruvlar patrul xizmatining kundalik ishining bir qismiga aylanadi”, deyiladi IIV buyrug‘ida.

Bundan tashqari, patrul-post xizmati (PPX) xodimlari migratsiya nazorati masalalariga ham jalb etiladi. Ular chet elliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish (deportatsiya qilish) jarayoniga ko‘maklashadi, ularni chegaragacha kuzatib boradi, shuningdek, noqonuniy migratsiya holatlari va uni tashkil etishning ehtimoliy yo‘nalishlari haqida xabar beradi.

Alohida qayd etilishicha, politsiya xodimlari odatiy bo‘lmagan vaziyatlarga, masalan chet ellik fuqaro poyezd yoki samolyotdan qolib ketgan holatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirishi kerak.

O‘zgarishlar, shuningdek, politsiyaning yo‘llarda va aholi punktlaridagi faoliyatiga ham daxldor bo‘lib, mamlakatdagi migratsiya holati ustidan umumiy nazoratni kuchaytiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing