Qozog‘istonda davlat xizmatchilari uchun qimor o‘yinlari taqiqlandi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi qonunni imzoladi. Unda davlat xizmatchilari, harbiy xizmatchilar va qarzdorlarning qimor o‘yinlarida ishtirok etishini va yoshlarni himoya qilish uchun Qozog‘istonda 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlash nazarda tutilgan. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

“Mas’uliyatli davlat lavozimini egallagan, davlat vazifalarini bajarishga vakolatli shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarning qimor o‘yinlarida ishtirok etishi cheklanadi”, deyiladi Oqo‘rda matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, davlat xizmatchilari, harbiy xizmatchilar, maxsus va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, byudjet tashkilotlari rahbarlari qimor va pul tikishda ishtirok eta olmaydi. Qonunga rioya qilmaganliklari uchun ishdan bo‘shatiladi.

Turizm va sport vazirligi bukmekerlik kontorlari va lotereyalarni reklama qilishga cheklovlar o‘rnatdi.

“Bukmekerlar va bukmekerlik shoxobchalarining tashqi reklamasi, ularni avtotransport vositalarida, ommaviy axborot vositalarida, kino, video va ma’lumotnoma xizmatlarida reklama qilish taqiqlanadi. Istisnolar: bukmekerlik idorasi yoki bukmekerlik do‘koni joylashgan joyda tashqi reklama; sport inshootlari ichida va sportchilar jihozlarida; ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalarida, sport mavzusiga yo‘naltirilgan reklama, shuningdek, mahalliy telekanallar tomonidan xalqaro sport musobaqalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishda”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, turarjoy binolari, yotoqxonalar, diniy binolar, madaniyat tashkilotlari binolari va inshootlari, shuningdek, ijtimoiy soha (ta’lim, sog‘liqni saqlash), shu jumladan, hududiy ob’ektlarda lotereya chiptalarini tarqatish va lotereya terminallarini o‘rnatish taqiqlandi.

“Yosh avlod salomatligini energetik ichimliklarni iste’mol qilish oqibatlaridan asrash maqsadida ularni 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish taqiqlanmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Oqo‘rda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda muntazam ravishda qimor o‘yinlarida qatnashib, pul tikuvchi 350 ming kishi bor. 2026 yilga kelib Qozog‘iston hukumati ularning sonini deyarli yarmiga qisqartirmoqchi, shu sababli qimor o‘yinlariga qaramlar davlat hisobidan bepul davolanish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya bilan ta’minlanadi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 80 million tengedan (166 ming dollar) ortiq mablag‘ ajratiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev qimor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made