Qozog‘istonda AES qurilishi uchun yangi hudud e’lon qilindi
Olam
−
21 aprel 2393 2 daqiqa
Qozog‘iston Qostanay viloyatida atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satqaliyevga tayanib, “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun kamida uchta, istiqbolda esa to‘rtta atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda.
Satqaliyev prognoz qilingan energiya balansi, shuningdek, ekologik va seysmik xavfsizlik talablari hisobga olingan holda bir qator salohiyatli maydonlar allaqachon o‘rganilganini bildirgan.
“Qozog‘istonda atom energetikasini rivojlantirish uchun bir nechta noyob maydonlar mavjud. Birinchi navbatda, bu Balxash bo‘yi hududi bo‘lib, u ob’ektiv ravishda oltitagacha yirik energiya bloki qurishga imkon beradi. Katta salohiyatga ega Kurchatov bor – bu kichik yoki o‘rta quvvatli atom reaktorlarini rivojlantirish uchun maydon. Shuningdek, energiya qurilmalarini kombinatsiyalashgan rejimda ishlatish tajribasiga ega G‘arbiy Qozog‘iston ham bor”, deydi u.
Agentlik rahbari mamlakatning boshqa hududlariga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
“Energiya balansidan kelib chiqilsa, Qostanay uzoq istiqbolda – 20-30 yildan so‘ng – Qozog‘istonda atom stansiyasini qurish uchun istiqbolli joyga aylanishi mumkin”, deydi Satqaliyev.
Shunday qilib, Qostanay viloyati uzoq muddatli istiqbolda AES qurish uchun ehtimoliy maydonlardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Qozog‘istondagi ikkinchi AESning nomi ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning kuzida Qozog‘istonda birinchi AES uchun nom tanlangandi. Tanlov komissiyasining yakuniy yig‘ilishi natijalariga ko‘ra, fuqarolardan eng ko‘p taklif olgan “Balqash atom elektr stansiyasi” nomi g‘olib deb topilgan.
Aytish o‘rinliki, 2050 yilgacha Qozog‘istonda kamida uchta atom elektr stansiyasini (AES) ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, to‘rtinchi stansiyani qurish loyihasini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.
2025 yil mart oyida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Milliy qurultoy yig‘ilishida Qozog‘iston uchun bitta emas, uchta AES qurish strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan edi. Davlat rahbari Qozog‘iston uchun kelgusi o‘n yilliklarda jadal iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratadigan yangi energetika tarmog‘ini yaratish strategik ahamiyatga ega ekanini aytgan.
2025 yil iyul oyida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar Qozog‘istondagi ikkinchi va uchinchi AESni Xitoy tomoni qurishini ma’lum qilgan edi.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel