Qozog‘istonda 12 kishi prezidentlikka nomzod bo‘ldi. To‘qayevning raqiblari kimlar?
Olam
−
12 Oktabr 2022
6818Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi respublika prezidentligi uchun kurashmoqchi bo‘lganlardan arizalarni qabul qilishni yakunladi. Bu haqda “Interfax” nashri ma’lum qildi.
“Respublika jamoat birlashmalari tomonidan ko‘rsatilgan 12 nafar nomzodning hujjatlari Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etildi”, deydi Markaziy saylov kommisiyasi kotibi Muxtor Yerman.
Unga ko‘ra, nomzodlarning qonun talablariga muvofiqligini tekshirish yaqin kunlarda yakunlanadi. Nomzodlarni ko‘rsatish 23 sentyabrda boshlanib, 11 oktyabr soat 18:00 da yakuniga yetgan.
Xo‘sh, bu nomzodlar kimlar?
• Hozirgi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev nomzodi ijtimoiy-siyosiy kuchlarning “Xalq koalitsiyasi” tomonidan ilgari surilgan;
• Muxolifatdagi Milliy sotsial-demokratik partiya vakili Nurlan Auesbayev;
• “Amanat” kasaba uyushmalari respublika birlashmasidan – Meyram Kajiken;
• “Ovul” xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasidan – Jiguli Dairboyev;
• “Mukalmas” respublika jamoat birlashmasidan parlamentning sobiq deputati Nurjan Altayev;
• Ijtimoiy xodimlar milliy alyansidan – jamoat arbobi Karakat Abden;
• Qozog‘iston quruvchilar uyushmasidan – uning rahbari Talgat Yergaliyev;
• “Xalq demografiyasi” jamoat birlashmasidan – parlamentning sobiq deputati Jumatay Aliyev;
• “Asar” respublika og‘zaki ijodkorlar jamoat birlashmasi vakili Xayrulla Gabjalilov;
• "Kazak analari - desturge jol" ("Qozoq onalari - urf-odatlarga yo‘l") jamoat birlashmasidan - huquq himoyachisi Saltanat Tursinbekova;
• “Qozog‘iston futbol ishqibozlari ligasi” tomonidan ko‘rsatilgan Davlat daromadlari departamenti xodimi Baxit Janabayev;
• “Amaliy psixologiya” jamoat birlashmasidan Fotima Bizakova.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 20 noyabrga belgilangan. Qonunchilikka ko‘ra, nomzodlar respublika jamoat birlashmalari tomonidan ko‘rsatiladi. Ushbu tartib 23 sentyabrda boshlangan va 11 oktyabrgacha davom etadi. Arizachilarni ro‘yxatga olish 21 oktyabrda yakunlanadi, saylovoldi tashviqoti 18 noyabrgacha davom etadi. Sukunat kuni 19 noyabr bo‘ladi.
LiveBarchasi