Qozog‘istonda ham “xorijiy agentlar” haqidagi qonun qabul qilinishi mumkin
Olam
−
13 fevral 2025 1869 4 daqiqa
Qozog‘istonda Majlisning (parlament) “Xalq partiyasi” fraksiyasi deputatlari “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarur deb hisoblamoqda. Bu haqda kecha, 12 fevral kuni deputat Irina Smirnova palataning yalpi majlisida Bosh vazir nomiga yo‘llangan deputatlik so‘rovida ma’lum qildi.
“Biz – Qozog‘iston fuqarolari bizga taqdim etilayotgan axborot qayerdan kelayotganini tushunishimiz kerak. Bu ma’lumot bizga mustaqil jurnalistlar tomonidan taqdim etilyaptimi yoki kimlargadir haq to‘lanib, berilgan muayyan kun tartibi asosida yetkazilyaptimi? Ko‘pincha, aynan ikkinchisi sodir bo‘ladi. Ba’zan bu kun tartibi bizning mamlakatimiz uchun zararli va buzg‘unchilik xarakteriga ega bo‘ladi”, dedi Irina Smirnova.
U o‘tgan yalpi majlisda deputatlar Qozog‘istondagi USAID faoliyati bo‘yicha ham so‘rov yo‘llaganini eslatib o‘tdi.
Smirnovaning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda taxminan 200 nodavlat tashkilot chet eldan moliyalashtiriladi, ularning 70 foizi turli manbalar orqali AQSHdan mablag‘ olgan. U dunyoda shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan davlatlar bunga xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilish orqali qarshi turganini qo‘shimcha qildi.
Dunyodagi misollarga to‘xtalar ekan, Smirnova quyidagi mamlakatlarda xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun allaqachon kuchga kirganini eslatdi:
-
Isroilda – 2016 yildan;
-
Xitoyda – 2017 yildan;
-
Avstraliyada – 2018 yildan;
-
Birlashgan Qirollikda – 2023 yildan;
-
Fransiyada – 2024 yildan.
Deputat, shuningdek, AQSHning 1938 yilda qabul qilingan “Chet el agentlarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonuni”ni namuna sifatida keltirgan.
“Agar xorijiy NNTlar o‘z manfaatlari yo‘lida ish olib borsa, ularning ta’siri bizga qimmatga tushishi mumkin. Ko‘plab tashkilotlar “soya zonasi”da yillar davomida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘yin qoidalarini qayta ko‘rib chiqish va xorijiy donorlar faoliyatini tartibga solish vaqti keldi”, dedi deputat.
Hukumat rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 165 xil donor grantlar ajratmoqda. Shundan 53 tasi xalqaro, 31 tasi xorijiy davlat tashkilotlari, 81 tasi esa chet el va mahalliy NNTlar.
Shuningdek, deputatning aytishicha, mahalliy NNTlarga moliyaviy va moddiy-texnik yordam boshqa xorijiy tuzilmalar va elchixonalar tomonidan ham ko‘rsatiladi. Ushbu mablag‘lar asosan quyidagi yo‘nalishlarga ajratiladi:
-
OAV va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash;
-
huquq va manfaatlarni himoya qilish;
-
demokratiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish;
-
liberal islohotlarni ilgari surish;
-
bag‘rikenglikni oshirish va fuqarolik faolligini rag‘batlantirish.
Smirnovaning ta’kidlashicha, bu xorijiy fondlar Qozog‘istonga foyda keltiryaptimi yoki zarar yetkazyaptimi – ushbu savolga aniq javob topish kerak.
“Bizning umumiy maqsadimiz – suverenitetni mustahkamlash. Biz xorijiy qadriyatlarni bizga bag‘rikenglik sifatida tiqishtirishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Qozog‘istonliklar allaqachon bag‘rikenglik bo‘yicha dunyoda yetakchi ekspertlardir. Tashviqot esa hech qachon mustaqil jurnalistika o‘rnini bosa olmaydi”, deya xulosa qilgan deputat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiyada ham “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun hukumatparast Sotsialistik harakat deputatlari tomonidan taqdim etilgan edi. Hujjatdan kelib chiqadiki, “xorijiy manbalardan moliyalashtiriladigan siyosat bilan shug‘ullanayotgan barcha tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatga olinadi va ular har bir nashrda xorijiy agent sifatidagi maqomini ko‘rsatishi shart”. Qonunni buzganlik uchun ayrim faoliyat turlari taqiqlanadi, jinoiy jazo yoki 5 ming dinordan (konvertatsiya qilingan: 576 ming so‘m) 2 million dinorgacha (230 mln so‘m) jarima solinadi.
Shuningdek, 2024 yil aprelda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham “Ayrim qonun hujjatlariga (“Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun va Jinoyat kodeksiga (xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi)” o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Qonun loyihasida Qirg‘izistonda tashkil etilgan va xorijiy davlatlar, ularning davlat organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va boshqalardan pul va boshqa mol-mulk oladigan notijorat tashkilotiga huquqiy maqom kiritish taklif etiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, notijorat tashkilotlar daromadlari, mol-mulki, xarajatlarining hajmi va tarkibi, xodimlarning soni va tarkibi, ularga haq to‘lash, fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlay olmaydi.
Live
Barchasi