Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi
Jamiyat
−
22 may 2020
6644Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 2019 yil 15 aprel kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim 2020 yil 22 maydan kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Hujjat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, ikki davlatning hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni aniqlash va ro‘yxatga olish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Qayd etilgan Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor tomonning yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovnomalari asosida amalga oshiriladi.
Bitimda, shuningdek, noqonuniy migratsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida ma’lumot va tajriba almashish, tomonlar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda qo‘shma tezkor profilaktik tadbirlarni tashkil etish ham nazarda tutilgan.