"Qozog‘iston uchun xushxabar”. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi qoldirildi

Jamiyat

image

Xitoy Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga o‘tadigan temir yo‘l qurilishini noma’lum muddatga qoldirdi. Bu haqda “Silk Road Briefing” xabar berdi.

“Xitoy joriy yilning kuzida qurilishi boshlanishi kerak bo‘lgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l liniyasi qurilishini noma’lum muddatga qoldirdi. Bu Qozog‘iston uchun ijobiy yangilik, chunki bu yo‘nalish Xitoy tovarlarini Rossiyaga yetkazib berish uchun muqobil bo‘lib, Ostonani bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan mahrum qilardi”, degan Trans-Yevrosiyo transporti bo‘yicha xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining bosh kotibi Gennadiy Bessonov.

Unga ko‘ra, bir qator masalalar, birinchi navbatda, moliyaviy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar ish boshlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

“Loyiha tayyor, biroq Pekin, Bishkek va Toshkent haligacha pul, aniqrog‘i, moliyalashtirish ulushi bo‘yicha kelishib olgani yo‘q. Qirg‘iziston va O‘zbekiston transport habiga aylanmoqchi, lekin loyiha uchun to‘lashga mablag‘lari yo‘q. Xitoy o‘zi temir yo‘l qurishi mumkin, lekin bu loyihani ustuvor deb hisoblamaydi. Hamma narsa pulga bog‘liq”, deya qo‘shimcha qilgan Bessonov.

Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti qoshidagi zilzilaga chidamli Qurilish ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Raimqul Mendekeyevning fikricha, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi Moskva va Ostona manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, u loyihaga siyosiy sabablar to‘sqinlik qilayotganini aytgan.

“Qirg‘izistonda temir yo‘l yo‘q, biz yuklarni Qozog‘iston orqali olib o‘tamiz. Bizning iqtisodiy jihatdan qaramligimiz ular uchun manfaatlidir. Bir so‘z bilan aytganda, ular bizning o‘z temir yo‘limiz bo‘lishini xohlamaydilar”, degan Mendekeyev.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu yo‘nalish Xitoy va O‘zbekiston temir yo‘l tarmoqlarini Qirg‘iziston va Turkmaniston orqali Eron, Turkiya hamda Yevropaga bog‘lashi kerak edi. Ushbu loyihaning qiymati 1,34 mlrd dollarga baholanmoqda.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Xitoy Qirg'iziston temir yo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing