Qozog‘iston teleradiokompaniyalarda rus tilidan voz kechishni boshlayapti

Olam

image

Qozog‘iston hukumati yaqin yillarda davlat – qozoq tilidagi tele va radioeshittirishlar ulushini bosqichma-bosqich 50 foizdan 70 foizga oshirish niyatida. Bu haqda Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Inform.kz”

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi doirasida davlat tilidagi tele va radiokanallarning ko‘rsatuvlari hajmini 50 foizdan 70 foizga oshirish taklif etilmoqda”, degan vazir. 

Uning  tushuntirishicha, hozirda qozoq tilining ulushi 50 foizni tashkil etuvchi radioeshittirish balansi 1999 yilda tuzilgan.  

“Qariyb 25 yildan so‘ng mamlakatimizda davlat tili va mahalliy kontentni rivojlantirish tendensiyalari o‘zgardi. Shunday qilib, bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida davlat tilida tayyorlanayotgan kontentning ulushi 80 foizdan ortiqni tashkil etmoqda”, deydi Balayeva. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika aholisining 80 foizdan ortig‘i qozoq tilida so‘zlashadi.  

“Ana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda davlat tilidagi tele va radioeshittirishlar hajmini 70 foizga yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ta’kidlash joizki, bunday o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lib, 2025 yildan boshlab har yili 5 foizga oshadi”, deya ta’kidladi vazir. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, tegishli qonun loyihasi hozirda parlament quyi palatasi ishchi guruhida xorijiy mutaxassislar, shuningdek, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda muhokama qilinmoqda. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, Qozog‘istonning davlat tili qozoq tilidir. Shu bilan birga, davlat tashkilotlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida rus tili rasmiy ravishda u bilan teng ravishda qo‘llanilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Rus tili qozoq tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing