Qozog‘iston prezidentligiga nomzod ayollar ikkitaga yetdi
Olam
−
11 Oktabr 2022
8849Huquq himoyachisi Saltanat Tursinbekova Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda “Zakon” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saltanat Tursinbekova fuqarolar, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tarafdori. Ayniqsa, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashda faol. Shuningdek, u “Oilaviy zo‘ravonliksiz Qozog‘iston” loyihasining rahbari bo‘lgan.
Prezidentlikka nomzod Tursinbekova ham o‘zining saylovoldi dasturi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Uning saylovoldi dasturida iqtisodiyot, sanoat, xalqaro aloqalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurash, zo‘ravonlikka qarshi kurash, jinoyatchilikni kamaytirish keltirilgan.
Avvalroq, 8 oktyabr kuni Karakat Abden Markaziy saylov komissiyasiga prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun hujjatlarni topshirgandi. 2-3 kun davomida ular talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
Jamoat arbobi, Xotin-qizlar ishlari va oilaviy-demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya a’zosi Karakat Abden Qozog‘iston Respublikasi Prezidentligiga Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi Xalq koalitsiyasidan ko‘rsatilgan respublikaning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni prezidentlik saylovida nomzod sifatida ro‘yxatga olgan.
Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 20 noyabrga belgilangan. Qonunchilikka ko‘ra, nomzodlar respublika jamoat birlashmalari tomonidan ko‘rsatiladi. Ushbu tartib 23 sentyabrda boshlangan va 11 oktyabrgacha davom etadi. Arizachilarni ro‘yxatga olish 21 oktyabrda yakunlanadi, saylovoldi tashviqoti 18 noyabrgacha davom etadi. Sukunat kuni 19 noyabr bo‘ladi.
LiveBarchasi