Qozog‘iston poytaxtidan Nur-Sulton nomini o‘chirishga bir qadam qoldi
Olam
−
16 Sentabr 2022
4507Qozog‘iston parlamenti yetti yillik prezidentlik muddati va Ostona nomini poytaxtga qaytarish to‘g‘risidagi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda “KazTAG” nashri xabar bermoqda.
“Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament palatalarining qo‘shma majlisida birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi hamda deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, prezidentlik boshqaruvi muddati yetti yilga ko‘paytiriladi, biroq saylanish faqat bir marotaba bo‘ladi. Shuningdek, Qozog‘iston poytaxti o‘zining avvalgi nomi – Ostona shahriga qaytariladi, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolat muddati esa sakkiz yilgacha uzaytiriladi.
Qonun loyihasi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga imzolash uchun yuborilgan.
“To‘g‘risini aytsam, mamlakatimizda muddatsiz prezidentlik saylovlarining achchiq tajribasi bor. Axir bizda 30 yil ichida faqat ikkita Prezident bo‘ldi. Ikkinchi Prezidentni ko‘rmaymiz, deb o‘ylagandik. Xudoga shukr, ikkinchi Prezidentni ko‘rdik. Agar biz yangi me’yorni joriy qilsak, 30 yilda emas, 14 yildan keyin ikkita Prezidentga ega bo‘lamiz”, deydi yig‘ilishda “Aq yo‘l” partiyasidan deputat Kazbek Iso.
Shuningdek, Qozog‘iston Adliya vaziri Kanat Musin keyingi Prezident qabul qilingan tuzatishlarni bekor qila olmasligini ta’kidlagan.
“Mazkur Konstitutsiya amalda ekan, bu normalar o‘zgarishsiz qoladi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 1 sentyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida, birinchi besh yillik vakolat muddati 2024 yilgacha tugamasligiga qaramay, shu yilning kuzida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni taklif qilgan. Shu bilan birga, u saylovlardan so‘ng prezidentlik muddatini besh yildan yetti yilgacha, lekin qayta saylanish huquqisiz oshirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Endi bir shaxs ketma-ket ikki martadan ortiq respublika prezidenti etib saylanishi mumkin emas.
Shuningdek, Qozog‘iston parlamenti a’zolaridan iborat “Jana Qozog‘iston” (Yangi Qozog‘iston) deputatlar guruhi mamlakat poytaxtiga Ostona nomini qaytarishni taklif qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston poytaxti 2019 yilning mart oyida respublikani qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev prezidentlikdan ketganidan keyin Ostona nomidan Nur-Sultonga o‘zgartirildi. Bungacha mamlakat parlamenti senati (yuqori palatasi) raisi lavozimida ishlab kelgan Qosim-Jomart To‘qayev davlat rahbari bo‘ldi. To‘qayev lavozimga kirishgach, mamlakat poytaxti Ostona shahrini birinchi prezident sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirishni taklif qildi. Shu kuni parlament Konstitutsiyaga tegishli tuzatishlarni qabul qildi. Nazarboyevning o‘zi ham uning sharafiga nom o‘zgartirishga qarshi ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi