Qozog‘iston nefti rekord darajada arzonlashdi
Olam
−
17:38 834 2 daqiqa
Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) orqali eksport qilinadigan Qozog‘istonning CPC Blend turidagi nefti tashqi bozorlarda bir barrel uchun 5 dollargacha chegirma bilan sotilmoqda. Bu 2022 yil oxiridan buyon eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, CPC Blend neftining jozibador narxi unga bo‘lgan talabning oshishiga sabab bo‘lgan, shuning uchun past narxlar uzoq saqlanib qolmagan. Narxlarning pasayishi asosan Qozog‘iston neftining asosiy xaridorlari yetkazib berishdagi uzilishlardan xavotir olib, vaqtincha boshqa neft turlariga o‘tib ketgani bilan bog‘liq.
So‘nggi oylarda KQK orqali Qozog‘iston neftini jo‘natish bir necha bor to‘xtatilgan. Bunga Ukraina dronlarining hujumlari, noqulay ob-havo, yuklash terminalidagi ta’mirlash ishlari hamda yanvar oyida Tengiz konidagi generator yong‘ini ortidan ishlab chiqarishning qisqarishi sabab bo‘lgan.
“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyida Tengiz konidan neft eksporti rejaning atigi 35 foizini tashkil etishi mumkin. Bu esa Energetika vaziri Erlan Akkenjenovning oyning boshiga kelib ishlab chiqarish to‘liq tiklanishi haqidagi avvalgi bayonotlariga zid. Yanvar oyida esa umumiy eksport hajmi rejaning qariyb yarmiga teng bo‘lgan.
KQK orqali yetkazib berishdagi uzilishlar sabab yanvar oyida Kashagan konidan olingan neftning bir qismi ilk bor ichki bozorga yo‘naltirilgan. Odatda Qozog‘iston neft eksportining 80 foizi KQK hissasiga to‘g‘ri keladi. Quvurga Tengiz, Kashagan va Karachaganak konlaridan xomashyo kelib tushadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston neftini tashuvchi tankerlar hujumga uchragani haqida xabar berilgan edi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi