Qozog‘iston xorijliklar uchun “oltin viza” joriy etadi
Olam
−
01 may 2025 6391 2 daqiqa
Qozog‘iston xorijliklar uchun yangi “oltin viza” dasturini joriy qilmoqda. Ushbu vizani olish uchun investorlar kamida 300 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishi lozim. Bu haqda kecha, 30 aprel kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi viza mamlakatning investitsion jozibasini oshirish va uzoq muddatli biznes hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, xorijiy fuqarolar Qozog‘istondagi kompaniyalarning ustav kapitaliga yoki mahalliy fond birjasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming dollar sarmoya kiritgan taqdirda, ular elektron tarzda investor vizasi uchun ariza topshirishi mumkin. Ushbu “oltin viza” keyinchalik 10 yilgacha bo‘lgan muddatga yashash huquqini olish imkonini beradi.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, bunday dasturlar Yevropa, AQSH, BAA va Singapur kabi mamlakatlarda allaqachon muvaffaqiyatli qo‘llanilib, kapital, texnologiyalar va ishbilarmonlik muhitini jalb etishning samarali vositasi sifatida tan olingan. Endi Qozog‘iston ham o‘zining sarmoyaviy rezidentlik modelini taklif qilmoqda.
“Oltin vizalar xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratadi, huquqiy kafolatlarni ta’minlaydi va mamlakatning investitsiyaviy obro‘sini mustahkamlaydi. Bu yangilik Qozog‘istonning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi strategik yo‘nalishini aks ettiradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Yangi tartib rasman e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi sudi Maltani “oltin pasport” dasturini to‘xtatishga majbur qilgandi. Sud qaroriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan hech bir davlat oldindan belgilangan to‘lov yoki investitsiyalar evaziga fuqarolikni – Yevropa fuqaroligini berishga haqli emas, chunki bu fuqarolikni oddiy savdo bitimiga aylantirish bilan barobar.
Live
Barchasi