Qozog‘iston bug‘doy sotib olish taqiqini olti oyga uzaytirdi

Olam

image

Joriy yilning 10 avgust kuni Qozog‘iston Tashqi savdo siyosati bo‘yicha idoralararo komissiyasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan bug‘doyni avtomobil yo‘li bilan olib kirishga qo‘yilgan taqiqni yana olti oyga uzaytirdi. Bu haqda mamlakat Savdo va integratsiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, “Central Asia” xabar berdi

“Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiyasining 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi qarori bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan  bug‘doyni avtomobil yo‘li orqali olib kirish taqiqi ba’zi istisnolardan tashqari yana olti oyga uzaytiriladi”, deyiladi xabarda.

Departamentning ta’kidlashicha, bu qaror Qozog‘istonga bug‘doy importi va uni Rossiya Federatsiyasining chegaradosh viloyatlaridan avtomobil yo‘llari orqali reeksport (xom ashyoni ishlov bermay yoki qisman ishlov bergan holda chetga chiqarish) qilishni to‘xtatish maqsadida qabul qilingan.

Shu bilan birga, mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida mahsulotni avtomobil transportida yetkazib berishga ruxsat berilgan. Biroq, Savdo vazirligi bu holatda, partiyalar urug‘lik sifati sertifikati bilan birga bo‘lishi kerakligini aytgan.

Bundan tashqari, Tashqi savdo siyosati bo‘yicha idoralararo komissiyasi Qozog‘iston hududiga bug‘doyni temir yo‘l orqali olib kirishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan, ammo litsenziyaga ega don elevatorlari, donni qayta ishlash korxonalari va parrandachilik korxonalariga yetkazib berish bundan mustasno.

“Avtomobil transportida taqiq muddatini uzaytirish va temir yo‘llarda cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi buyruq Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi”, deyiladi  Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 aprelidan Qozog‘istonda bug‘doyni avtomobil yo‘llari orqali olib kirishga taqiq kuchga kirgandi va u 10 oktyabrgacha amal qilishi kerak edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston bug'doy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing