Qozog‘iston Afg‘onistondagi temiryo‘l qurilishiga 500 mln dollar sarmoya kiritmoqchi

Olam

image
O‘zbekiston “Tolibon” bilan “Hayraton-Hirot” temiryo‘li bo‘yicha kelishuvga erishdi north_east

O‘zbekiston “Tolibon” bilan “Hayraton-Hirot” temiryo‘li bo‘yicha kelishuvga erishdi

Qozog‘iston Afg‘onistonda temiryo‘l qurilishiga 500 million dollar sarmoya kiritishga tayyor. Bu haqda Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar bilan Qobulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Loyihani ilgari surish uchun Hirotda logistika va transport kompaniyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Jumangarin, shuningdek, uchrashuvda Qozog‘iston Afg‘onistonga internet tarmog‘ini kengaytirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi. Respublika Afg‘oniston aholisini arzon narxlarda internet bilan ta’minlay oladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston kompaniyalari ham Afg‘oniston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga, xususan, neft va gaz konlariga sarmoya kiritmoqchi.

Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari matbuot xizmati Qozog‘iston mahalliy ishbilarmonlarga viza berishga, ikki davlat o‘rtasida havo qatnovini ochishga va bank hamkorligini yo‘lga qo‘yishga, tranzit va savdoni kengaytirishga, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

2024 yilning noyabrida Jumangarin Qozog‘istonning Zaman banki va Afg‘onistonning Gazanfar banki o‘rtasida 10 ming dollarlik birinchi sinov to‘lovi amalga oshirilgani haqida xabar bergan edi. Uning qayd etishicha, bu mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ilgari bu kabi operatsiyalar uchun Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlari banklaridan foydalanilgan.

Mamlakatlar tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazmoqchi. Qozog‘iston Afg‘onistonga mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan vagonlar, shuningdek, temiryo‘l qurilishi uchun materiallar yetkazib bermoqchi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorlik tufayli 2023 yil dekabrida “Tolibon” guruhini terrorchilar ro‘yxatidan chiqargani haqida xabar berilgandi. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etishdan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing