Qorong‘ulik dunyosi. Mafiozlar olamiga sayohat
Bu qiziq
−
29 Oktabr 2021
51736“Begonalar oldida o‘ylaganingni aslo tilingga chiqara ko‘rma”.
Mario Pyuzo “Cho‘qintirgan ota” romanidan.
Qorong‘ulik dunyosi deganda inson tasavvurida birinchi navbatda yer osti gavdalanadi. Ammo, biz yashab turgan mazkur olamda ham shunday qorong‘u va sirli hayot mavjudki, u yer ostidagi hayotdan sira ham farq qilmaydi. Oddiy inson ko‘zi bu qorong‘ulik ortida yashiringan sirlarni ko‘rish uchun ojizlik qiladi. Bu sirli dunyo “mafiya olami” deb ataladi. Mafiya to‘dalari deyarli barcha mamlakatlarda bo‘lib, ular asosan qurol, giyohvand moddalar savdosi, qimor biznesi bilan shug‘ullanadi. Mafiya guruhlari o‘z raqiblarini shafqatsizlarcha yo‘q qilishga odatlangan.
1972 yilda mashhur yozuvchi Mario Pyuzo tomonidan yozilgan “Cho‘qintirgan ota” romani mafiya sirlarini dunyoga fosh etdi. XX asrda kriminalistik janrda turli filmlar suratga olindi. Bularning barchasi dunyo bo‘ylab mafiya haqida har xil mish-mishlarning urchishiga sabab bo‘ldi. Bugungi maqolamizda kriminal dunyoga sayohat qilib, eng kuchli mafiya oilalari hamda shafqatsiz jinoyatchilar to‘dasi haqida so‘z yuritamiz.
Yamayka-Britaniya Yardiylari
Mafiya so‘zi italyanchadan olingan bo‘lib, bu so‘z zo‘rlik, qo‘rqitish, terror, qotillik usuli bilan iqtisodiy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun tuzilgan maxfiy guruhlarga nisbatan ishlatiladi. Ilk mafiya to‘dasi XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Italiyaning Sitsiliya orolida paydo bo‘lgan. XX asrda mafiya faoliyati deyarli dunyoning barcha shaharlarida avj oldi.
O‘tgan asrning 50-yillarida Yamaykadan Buyuk Britaniyaga minglab muhojirlar ko‘chib kela boshladi. Dastlab yardiylar kichik guruh bo‘lib ko‘chalarda talonchilik bilan shug‘ullandi. Aslida yardiy nomi ilk bor Yamaykaning Trenchtaun rayonida bo‘ron talafotlaridan so‘ng vaqtinchalik uy-joy sifatida qurilgan kambag‘al mahallalarga berilgan.
Bu jinoiy to‘da 80-yillarda kuchga to‘ldi. Ular asosan qurol va giyohvand modallar (marixuana va kokain) savdosi bilan shug‘ullanadi. 1993 yilda Yardiylar to‘dasi politsiyachi Patrik Dannning o‘limida ayblangan. 2000 yilning boshida ular boshqa mahalliy “Aggi Crew” jinoiy to‘dasi bilan qonli to‘qnashuvda qatnashgan. Yardiylar boshqa mafiya to‘dalari kabi katta oila emas, faqat bir guruh bo‘lgan. Shuning uchun ular hukumat va politsiya bilan aloqa qilmaydi. Vaqt o‘tishi bilan jinoiy guruhning ko‘plab a’zolari qo‘lga olingan. Hozirda Britaniya hukumati yardiylar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatgan.
Albaniya mafiyasi
Ma’lumki Albaniyada juda ko‘plab jinoiy guruhlar mavjud. Ammo, bularning ichida “Alban sakkizoyog‘i” nomi bilan mashhur bo‘lgan to‘da qolgan guruhlardan anchayin kuchli. Alban mafiyasi o‘zining faoliyatini o‘tgan asrning 80-yillarida boshlagan. Bu jinoiy to‘da asosan alkagol, tamaki, geroin, avtomobil va odam savdosi bilan shug‘ullanadi. 1990 yilda Sovet Ittifoqi parchalangach, bu to‘da Yevropa bo‘ylab kengroq yoyildi. Bugungi kunda Albaniya mafiozlari global jinoiy maydonda muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning a’zolari, hatto, AQSH va Buyuk Britaniyada ham mavjud. Alban mafiyasining o‘ziga xos xususiyati, ular qasos olishda dushmanni shafqatsizlarcha jazolaydi.
"Yahudiy" yoki "Isroil" mafiyasi
Yahudiy mafiyasi XIX asr oxirida AQSHda tashkil topgan uyushgan jinoiy guruhdir. Bu mafiya to‘dasi Chikagodagi eng kuchli jinoiy guruh hisoblangan. 30-yillarda Yevropadan AQSHga yahudiy qochqinlarining ko‘chib kelishi oqibatida bu guruhning safi kengaydi. AQSHga ko‘chib kelgan muhojirlar orasidan Meyer Lanski va gollandiyalik Shuls kabi kelajakdagi mashhur mafiozlar yetishib chiqdi. Yahudiy mafiyasi safiga italiyaliklar ham qabul qilingan. Asta-sekin bu jinoiy to‘da kuchga to‘lib, AQSHda italiyalik guruhlar bilan hamkorlikda hududlarni bo‘lib olib boshqargan. Yahudiy mafiyasining a’zolari boshqa jinoiy guruhlardan farqli o‘laroq asosan buxgalteriya ishlarini nazorat qilgan. Yahudiy mafiyasi vakillari shafqatsiz qotillar sifatida dong taratgan.
Xitoy Triadasi
Bugungi kunda Xitoy jadal suratda rivojlanib, jahon taraqqiyotida yetakchi mamlakatlardan biriga aylandi. Shu o‘rinda Xitoydagi mafiya guruhlari ham dunyoga anchayin nom taratgan. Bular orasida “Triada” deb ataluvchi jinoiy guruh boshqa to‘dalardan anchayin kuchli. Taxminlarga ko‘ra, Triadalar XVIII asrda Tayvan orolida paydo bo‘lgan.
Triada guruhi yashirin jinoiy tashkilotning bir shakli hisoblanadi. Bu mafiya Tayvan, Vetnam, Malayziya, Indoneziya, Filippin va AQSH kabi davlatlarda keng yoyilgan. Triada a’zolari Nyu-York, Los-Anjeles, Sietl, Vankuver va San-Fransisko shaharlarida juda faol. Taxminlarga ko‘ra, Triada a’zolari 30 000 dan ortiq bo‘lishi mumkin. Ular asosan Xitoy valyutasini qalbakilashtirish, odam savdosi va kontrabanda bilan shug‘ullanadi. 2006 yilgi Europol (Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati) hisobotida qayd etilishicha, Xitoy mafiya guruhlari Yevropa Ittifoqida odam savdosi bo‘yicha yetakchilar sifatida qayd etilgan. Unga ko‘ra, Yevropada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning yarmiga yaqini xitoyliklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Kolumbiya narkokartellari
Kolumbiya Yevropa va AQSHga giyohvand moddalar yetkazib berish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Kolumbiya 1993 yildan 1999 yilgacha dunyodagi asosiy kokain va geroin eksport qiluvchi mamlakat bo‘lgan. 2011 yil holatiga ko‘ra, Kolumbiya hali ham dunyodagi eng yirik kokain ishlab chiqaruvchisi. Pablo Eskobar va Karlos Leder Kolumbiya narkobiznesining ikki “ustun”i hisoblangan. Bu mamlakatda giyohvandlik biznesining jadal rivojlanishi asosan 1960-1970 yillar oralig‘ini o‘z ichiga oladi.
O‘tgan asrning 70-yillarining boshida AQSH hukumati giyohvandlikka qarshi urush e’lon qildi. Shundan so‘ng, AQSH va Yevropa Kolumbiya hukumatiga giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy, harbiy, taktik yordam ko‘rsatishni boshladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 yilda Kolumbiyada kokain ishlab chiqarish eng yuqori cho‘qqiga chiqqan palla bo‘lgan. 2010 yilga kelib kokain ishlab chiqarish 60 foizga kamaygan. Ammo boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Kolumbiyada 2001 yilda 463 tonna kokain moddasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2006 yilda bu ko‘rsatkich 610 tonnaga ko‘tarilgan.
2017 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Kolumbiyada 1 kilogramm kokainning narxi 1500 dollarni tashkil etgan. AQSHda esa 1 kilogramm kokainning narxi 50 ming dollar hisoblanadi. Giyohvand moddalarni ishlab chiqarishning katta hajmiga qaramay, Kolumbiya aholisining giyohvand moddalarni iste’mol qilish darajasi AQSH va Yevropa mamlakatlarining aholisiga qaraganda ancha past.
Yakuza mafiyasi
Yakuza Yaponiyadagi uyushgan, yetakchi jinoiy guruh hisoblanadi. Bu to‘daga XVII asrda asos solingan. Yakuza a’zolari “gokudo” nomi bilan ham tanilgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu to‘daning 110 mingga yaqin a’zosi bo‘lib, ular 2500 dan ortiq guruhlarni tashkil qiladi. Yakuza a’zolarining asosiy belgisi kesilgan barmoq va tanaga chizilgan tatuirovkalar hisoblanadi.
2011 yilda Yaponiyada sodir bo‘lgan falokat mamlakatga katta zarar yetkazdi. Shu vaqtda Yakuza mafiyasi hukumatga birinchilardan bo‘lib yordam bergan. Bu to‘da asosan yashirin qimor o‘yinlari, fohishalik, giyohvand moddalar, qurol va o‘q-dorilar savdosi hamda kontrabanda bilan shug‘ullanadi.
Rus mafiyasi
Rus mafiyasi Sovet Ittifoqi davrida paydo bo‘lgan bo‘lib, hozirda ham butun dunyoda katta ta’sirga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘daning 100 mingdan 500 minggacha a’zosi bor. Rus mafiyasi Isroil, Vengriya, Ispaniya, Kanada, Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya kabi mamlakatlarda keng yoyilgan. Ular asosan giyohvand moddalar, qurol savdosi va kontrabanda bilan shug‘ullanadi. Agar to‘da a’zolaridan birortasi politsiya qo‘liga tushib, “gullab” qo‘ysa, qamoqxonada yoki ozodlikka chiqqach, yo‘q qilingan. Rus mafiyasi Sovet hukumati, hatto, KGB vakillari bilan ham til biriktirgan. Mafiyaning eng kuchga to‘lgan vaqti 80-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda SSSR Afg‘onistonga qo‘shin kiritishi ortidan rus mafiyasi ham Afg‘onistonga kirib, Tojikiston va O‘zbekiston orqali narkotik moddalarni butun ittifoq bo‘ylab tarqatgan.
1990 yilda SSSR parchalangach rus mafiyasi o‘z qudratini biroz yo‘qotdi. Mafiya korchalonlarining ko‘pchiligi Rossiyani tark etdi.
“Cosa Nostra” Sitsiliya mafiyasi
“Cosa Nostra” Sitsiliya tilidan olingan bo‘lib, “bizning ishimiz” degan ma’noni anglatadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, aynan Sitsiliya orolida birinchi mafiya to‘dalari paydo bo‘lgan. Sitsiliya mafiyasi qanday paydo bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ba’zi tarixiy manbalarda Sitsiliya mafiyasining ibtidosi o‘rta asrlarga borib taqalishi haqida faktlar uchraydi.
Bir yarim milliondan ortiq qashshoqlashib qolgan sitsiliyaliklar XIX asr oxiri XX asr boshlarida yangi hayot orzusida Amerikaga ko‘chib kelgan. Ularning orasida ko‘plab mafiya a’zolari ham bo‘lgan. AQSHga kelgan mafiya to‘dalari dastlab boylarning uyini tunab, kun ko‘rishgan. Vaqt o‘tishi bilan ular shaharlarda qimorxonalar ochib, shu yo‘l bilan dastlabki bizneslarini yo‘lga qo‘yishgan. O‘sha vaqtda Amerikada qimor biznesini ochish uchun barcha shart-sharoitlar yetarli edi.
Vaqt o‘tishi bilan mafiya a’zolari hokimiyat vakillari bilan yaqinlashib, ularga pora berishdi. Hukumat vakillarini o‘z tomoniga og‘dirib olgan “Cosa Nostra” a’zolari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullana boshladi. Ular Nyu-York va Chikago shaharlarini o‘z nazoratlarida ushlab turishgan.
“Cosa Nostra” mafiyasining eng mashhur gangsterlardan biri Al Kapone hisoblanadi. Al Kapone AQSHdagi mafiya to‘dalarini bir oila qilib birlashtirish g‘oyasini ilgari suradi. Bu g‘oyani taniqli mafioz Laki Luchano qo‘llab-quvvatlaydi. Taxminan, bu jinoiy to‘daning a’zolari to‘rt ming kishiga yaqin. “Cosa Nostra” mafiya oilasini “Don” (italiyanchada Xudojo‘y ota) boshqargan.
Mafiya to‘dalari haqida ma’lumotlar juda kam. Ularni izlab topish ham murakkab. Chunki mafiya guruhlari o‘zlarini oshkor qilishni yoqtirmaydi. Kelgusi maqolamizda mashxur mafiya otasi Al Kapone haqida batafsil ma’lumot beramiz.
LiveBarchasi