Qoraqalpog‘istonga O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kuch va vositalari jalb etildi
Jamiyat
−
03 iyul 2022
79735Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 3 iyuldan 2 avgustdacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30 kunlik favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Favqulodda holat amal qilishi davrida O‘zbekiston Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari qo‘shimcha ravishda jalb etildi.
Farmonga muvofiq, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun aniq tahdid, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga xujum qilish, ularning qurol va texnikasini egallab olish holatlarini inobatga olib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 23-moddasiga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari qo‘shimcha ravishda jalb etiladi:
• favqulodda holat joriy etilgan hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimini ta’minlash;
• aholining hayot faoliyatini va transportning harakatlanishini ta’minlovchi obektlarni hamda insonlarning hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek, atrof-muhit uchun yuqori xavf tug‘diradigan obektlarni muhofaza qilish;
• qurol, jangovar va maxsus texnika qo‘llanilgan holda zo‘ravonlik harakatlari bilan birga yuz beradigan to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan qarama-qarshi kurashayotgan taraflarni ajratish;
• qonunga xilof qurolli tuzilmalar faoliyatiga chek qo‘yishda ishtirok etish;
• favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining kuchlari tarkibida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda, shuningdek odamlarning hayotini saqlab qolishda ishtirok etish.
Shuningdek, favqulodda holat rejimi sharoitida o‘rnatilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul etib Qoraqalpog‘iston hududi komendaturasi, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizligi xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalari belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi