Qoraqalpog‘istonda gazchilar 171 nafar fuqaro nomini sotib, suyultirilgan gazni o‘mardi
3-sahifa
−
09:45 867 1 daqiqa
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida qariyb 370 mln so‘mlik suyultirilgan gazni o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xabar berdi.
Departamentning Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Amudaryotumangaz” mas’ul shaxslari 220,3 mln so‘mlik suyultirilgan gazni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona mas’ullari o‘zaro til biriktirib, 7 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 171 nafar fuqaroning xonadonlari umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulanganiga qaramay, ularning nomiga elektron kartalar ochgan.
Shundan so‘ng ushbu xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirilib, gaz rastrata yo‘li bilan o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda “Nurobodtumangaz” mas’ul shaxslari suyultirilgan gazni sotishdan tushgan 148,3 mln so‘m mablag‘ni bankka topshirmasdan, o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Bildirilishicha, hozirda jinoyat ishlari doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida 1 mlrd so‘mdan ziyod elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 3 ta holat aniqlangan edi.
Live
Barchasi