Qoraqalpog‘istonda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan 13 bosh jayronni otib o‘ldirdi
3-sahifa
−
27 yanvar 2023
8479Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Borsakelmas” davlat qo‘riqxonasida Qizil kitobga kiritilgan 13 bosh jayronni otib o‘ldirgan brakonerlar qo‘lga olindi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi ma’lum qildi.
Kecha, 26 yanvar kuni taxminan soat 20:30 da fuqarolar – J Ye. va M.I. qonunga xilof ravishda mototransport vositasi yordamida tegishli ruxsatnomasi olinmagan ov miltig‘i bilan Qizil kitobiga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob tur hisoblangan 13 bosh jayron (kiyik)ni otib jonsiz holatda olib ketayotgan paytida ushlangan.
Brakonerlar 16 kalibrli bir stvolli bir dona ov miltig‘i, jami 35 dona, shundan 16 dona otilmagan va 19 dona ishlatilgan ov miltig‘i o‘qlari hamda 13 bosh otib nobud qilingan jayronlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holatda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.
“Hayvonot olamiga vahshiylarcha munosabatda bo‘lib, jinoyat sodir etgan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga taqdim etilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda mashinasida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan bir bosh Yevropa kiyigini hujjatsiz olib yurgan shaxslar aniqlangandi.
LiveBarchasi