Qorabog‘dagi qaysi yodgorliklar Ozarbayjon nazoratiga o‘tdi?

Madaniyat-san’at

image

Rossiyalik madaniyat arboblari UNESCO’dan Tog‘li Qorabog‘ning nasroniy madaniy va me’moriy ob’ektlarini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishni so‘ramoqda. Bungacha Moskvadagi “Arxnadzor” ijtimoiy harakati Prezident Vladimir Putinga maktub yo‘llab, undan ilgari Armaniston nazorati ostida bo‘lgan va harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga binoan Ozarbayjonga ko‘chirilgan hududlardagi xristian madaniyatining qadimiy yodgorliklarini himoya qilishni so‘ragan.

Dadivank monastiri

Kelbajar mintaqasidagi IX-XIII asrlardagi Arman monastiri. Monastir nomining etimologiyasi afsona bilan bog‘liq bo‘lib, unga ko‘ra Havoriy Fadeyning shogirdlaridan biri Dadi nasroniylikni targ‘ib qilgani uchun shahid bo‘lgan. Monastirning birinchi ma’badi o‘rta asrlarda uning qabri ustiga qurilgan. 1993 yil mart oyida monastirda tiklash ishlari boshlandi. Ma’lum qilinishicha, 2007 yildagi qazish ishlari paytida monastirdan Sankt-Dadi yodgorliklari topilgan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Nikol Pashinyan o‘rtasida joriy yilning 9 noyabr kuni imzolangan navbatdagi sulhning shartlaridan biri Tog‘li Qorabog‘ hududiga Rossiya tomonidan 1960 nafardan iborat tinchlikparvar kuchlarni kiritish edi. Rossiya Mudofaa vazirligi mahalliy aholining iltimosiga binoan, Rossiya harbiylari Dadivank monastiri yonida kuzatuv punkti tashkil etganini xabar qildi.

Gtchavank monastiri cherkovi

Hadrut mintaqasidagi XIII asrga oid monastir cherkovi. Shaxen Mkrtchyanning “Tog‘li Qorabog‘ning tarixiy va me’moriy yodgorliklari” kitobiga ko‘ra, qadim zamonlardan beri Gtchavank mintaqaning siyosiy va ma’naviy markazlaridan biri bo‘lgan.

Tinchlik shartnomasi natijasida Armaniston Kelbajar, Agdam va Lochin viloyatlarini Ozarbayjonga topshirdi. Armaniston Tog‘li Qorabog‘ bilan kengligi 5 kilometr bo‘lgan Lochin yo‘lagi orqali bog‘langan. Bundan tashqari, Ozarbayjon tomoni jang paytida egallab olingan barcha hududlarni, shu jumladan Hadrut viloyati va Shusha shahrini saqlab qoladi.

Tigranakert qal’asi

Miloddan avvalgi I asrda qurilgan Tigranakert qal’asi Xachenaget daryosi yaqinida, Nor Maraga qishlog‘i yonidagi tog‘da joylashgan. Qal’aning nomi qirol Tigran II (Buyuk) hukmronligi davriga tegishli.

Qadimgi Tigranakert turar joyi

Qadimgi Tigranakert manzilgohi miloddan avvalgi I asrda Tigran II tomonidan asos solingan ushbu nomga ega to‘rtta qadimiy shaharlardan biridir. 2006-2008 yillarda olimlar shaharning turli joylarida va uning atrofida qazish ishlarini olib borishdi. Topilmalar orasida qal’a binolari, qal’a devorlari, bazilika, miloddan avvalgi I asrga oid boshqa topilmalar bor edi.

Vankasar cherkovi

“Tigranakert” tarixiy-madaniy qo‘riqxonasi hududida VII asr cherkovi. Ozarbayjon tomonining ta’kidlashicha, armanlar joriy yilning kuzida o‘z uylaridan chiqib, monastirlar va cherkovlardan nafaqat shaxsiy buyumlarini, balki yodgorliklarni, idishlar, mebellarni ham olib ketishgan. Ozarbayjon ushbu masala bo‘yicha UNESCO’ga murojaat qilmoqchi. Boku Tog‘li Qorabog‘dan tarixiy eksponatlarni eksport qilishni noqonuniy deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Sitsernavank monastiri

IV-VI asrlarda qurilgan Sitsernavank monastiri hududida Avliyo Jorj Bazilikasi saqlanib qolgan. U Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan hudud — Lochin yo‘lagi yaqinida joylashgan. “Sitsernavank” so‘zi qadimgi arman tilida “kichik barmoq” degan ma’noni anglatuvchi “sitsern” ildizidan kelib chiqqan. Bu monastir tarixida Sankt-Jorj yodgorliklari saqlangan deb hisoblangan davrni ko‘rsatadi.

Surb Amenaprkich Kazanchetsots sobori (Qutqaruvchi Muqaddas Masih)

Shushadagi sobor. Ma’bad 1868-1887, qo‘ng‘iroq minorasi — 1858 yilga tegishli. Kommunistik rejim davrida cherkov yopiq edi. Keyinchalik Kazanchetsots tiklandi va 2008 yilda u erda 657 juftlik ishtirokida “katta to‘y” o‘tkazildi. Joriy yil sentyabr oyida Kazanchetsots bir nechta snaryadlardan aziyat chekkan.

Armaniston shu yilning noyabr oyida Ozarbayjon tomonini vandalizmda ayblagan. Armaniy Apostol cherkovi Shushadagi Kazanchetsots sobori shahar egallab olingandan keyin ancha zarar ko‘rganini aytadi. Shusha ibodatxonasi devorlariga ozar tilida grafitlar tushirilgan fotosurat ilova qilingan.

Amaras monastiri

Tog‘li Qorabog‘ning janubi-sharqiy qismida joylashgan dastlabki o‘rta asr monastiri. Unga Saint Gregory Illuminator asos solgani taxmin qilinadi. IV asrning o‘rtalarida uning hududida Grigorning nabirasi Grigoris dafn etilgan. Shuningdek, V asrning boshlarida arman alifbosining asoschisi Mesrop Mashtots unda birinchi arman maktabiga asos solgan deb ishoniladi.

Ozarbayjon tomoni madaniy merosga nisbatan vayronkor munosabatda bo‘lingani to‘g‘risida ham da’volar qildi. Ozarbayjon Fanlar akademiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu hudud Yerevan tomonidan nazorat qilingan va tan olinmagan respublika kuchlari tomonidan Tog‘li Qorabog‘dagi 67 ta masjiddan 63 tasi butunlay vayron qilingan. Ozarbayjon Armanistondan moddiy tovon puli olish niyatida ekanligini e’lon qilgan.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing