Qorabog‘dagi armanlar yo Ozarbayjon fuqaroligini qabul qilsin, yoki ketsin – Ilhom Aliyev

Olam

image

Qorabog‘da yashovchi armanlar yo Ozarbayjon fuqaroligini qabul qilishi yoki boshqa yashash joyini izlashi kerak. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlat televideniyesiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bu yerda to‘liq erkinlik bor, barcha demokratik asoslar taklif etilgan. Bu masalani inson huquqlari asosida hal qilish kerak”, degan Ozarbayjon rahbari.

Uning aytishicha, Ozarbayjon hech bir davlat bilan o‘z ichki ishlarini muhokama qilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Qorabog‘ ham Ozarbayjonning ichki ishlari sirasiga kiradi.

“Separatistlar ikki tanlov borligini bilishlari kerak: yo Ozarbayjon bayrog‘i ostida yashaydilar, yoki ketishadi. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin o‘tgan ikki yarim yil ichida Armaniston, uning homiylari, shuningdek, uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va kuchlar Ozarbayjonning irodasini, qat’iyatini, kuchini yaqqol ko‘rdi”, deydi Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon Prezidentining ta’kidlashicha, o‘tgan ikki yarim yil davomida Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasi yo‘nalishida, shuningdek, u yerda vaqtincha joylashgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi mintaqada ko‘plab muhim voqealar sodir bo‘lgan.

“Biz bu yerlarning egasi ekanligimizni bir necha bor namoyish etganmiz va hech kimga hududimizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan davlat rahbari.

Ilhom Aliyev Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash istiqbollariga ham to‘xtalgan. U tinchlik shartnomasi imzolanishi munosabati bilan so‘nggi ikki yil davomida arman tomoni pozitsiyasida turli zigzaglar, ya’ni turli o‘zgarishlar bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u Armaniston ham Ozarbayjonning yondashuviga prinsipial jihatdan qo‘shilishini ta’kidlagan. 

“Chunki boshqa variant yo‘q. Shuning uchun ham o‘tgan yilning oktyabr oyida Praga va Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Armaniston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini rasman tan oldi. Ya’ni ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalasi 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasi asosida hal etilishi lozimligini tan oldi”, deya tushuntirdi Ozarbayjon rahbari.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston Qorabog‘dan voz kechsa, mintaqada tinchlik bo‘lishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Qorabog' armanlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing