Qorabog‘da 88,2 mingdan ortiq armanlar qo‘ygan mina topildi

Olam

image

Ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan so‘ng, 2020 yil noyabridan beri Ozarbayjonning Armaniston tomonidan 30 yil davomida bosib olingan hududlarida 88 260 ta mina topildi va zararsizlantirildi. Bu haqda Ozarbayjon minalarga qarshi agentligi boshqaruvi rahbari Vugar Sulaymonov Ag‘damdagi minalarga qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi xalqaro gumanitar konferensiyada so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. 

Sulaymonovning eslatishicha, Ozarbayjon dunyodagi minalardan eng ko‘p zararlangan davlatlardan biri hisoblanadi.  

“Bu yashirin xavf-xatarlar nafaqat insoniyat fojialariga olib keladi, balki ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga ham to‘sqinlik qiladi. Bu ham mintaqada tinchlik va barqarorlikka jiddiy to‘siq bo‘lmoqda”, deydi u. 

Uning ta’kidlashicha, 2020 yil noyabr oyidan buyon Qorabog‘ viloyatining 81 386 gektar hududi minalardan tozalangan.  

“Jami 88 260 ta mina va urushning boshqa portlovchi qoldiqlari, jumladan 28 259 ta piyodalarga qarshi minalar, 15 303 ta tankga qarshi minalar va 44 698 ta portlamagan o‘q-dorilar topildi va yo‘q qilindi. Erishilgan yutuqlarga qaramay, minalar xavfi saqlanib qolmoqda”, deydi Sulaymonov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 32 oy ichida 302 nafar Ozarbayjon fuqarosi minalar va portlovchi moddalarning urush qoldiqlari qurboniga aylangan. Ulardan 57 nafari halok bo‘lgan, 245 nafari yaralangan.

Gap shundaki, Armaniston Qorabog‘ni bosib olganda hududni to‘liq minalashtirgan. Hududlarda Ozarbayjon qo‘liga o‘tgach, ozod qilingan joylarda bir necha bor oyoq ostiga joylashtirilgan minalar portlashi oqibatida ko‘plab harbiylar halok bo‘ldi. Armaniston esa minalangan hududlar xaritasini bermay kelayotgan edi. 

Ma’lumot uchun, bugun, 25 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi.Armaniston va Ozarbayjon hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib oldi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur kelishuv haqida YeOII sammitida ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u xalqaro mexanizm doirasida (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ aholisining huquqlari va xavfsizligi masalasiga to‘xtalib o‘tgan.

O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatning Armanistonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

“Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish imkoniyati bor, ayniqsa, Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida rasman tan olganini hisobga olsak”, deydi Ozarbayjon rahbari.

Qorabog‘ urushi 

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing