Qonun hujjatlari ijrosini monitoring qilish tizimi joriy qilindi
Jamiyat
−
05 noyabr 2019 3193 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 noyabr kuni “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qarorga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tizimi joriy qilindi.
Monitoringning asosiy vazifalari qonun hujjatlari ijrosining yagona amaliyotini joriy etish, ularning O‘zbekiston qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta’minlash, qonun hujjatlaridagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish kabilardan iborat.
Qarorga ko‘ra, monitoring Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o‘tkazish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti bo‘lgan qonun hujjatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoring o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Shu munosabat bilan vazirlikka davlat boshqaruvi organlari o‘tkazadigan huquqiy monitoringda ishtirok etish va huquqiy monitoringni o‘tkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish kabi huquqlar berildi.
Qaror bilan, shuningdek, Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Huquqiy monitoringni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.
Live
Barchasi