“Qonli yanvar” uchun 50 dan ortiq kishiga hukm o‘qildi
Jamiyat
−
21 fevral 2022
6361Qozog‘istonda “qonli yanvar” voqealarida ishtirok etgan 50 dan ortiq kishiga hukm o‘qildi. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Odilov ma’lum qilgan.
"Yanvar voqealari bo‘yicha 107 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari ayblov xulosasi bilan yakunlandi. Bu ishlarning asosiy qismini o‘g‘irlik – 65, noqonuniy qurol saqlash – 11, ularni o‘g‘irlash – 7 va boshqalar tashkil etadi", deydi Odilov.
Unga ko‘ra, 86 nafar ayblanuvchi sudga tortilgan.
“Bugungi kunga qadar mamlakatimiz sudlari tomonidan sodir etilgan jinoyatning turi va og‘irligini inobatga olgan holda 52 nafar shaxsga, jumladan, 39 nafariga ozodlikni cheklash, 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ikki shaxsga nisbatan ish tomonlarning yarashuvi tufayli tugatildi”, deb ma’lum qilgan IIV vakili.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi