Qog‘ozbozlikni kamaytirib, majlisbozlikni yo‘qotamiz – Toshqulov ishga kirishdi

Jamiyat

image

Kecha, 19 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov vazirlik markaziy apparati barcha xodimlarining to‘liq tarkibdagi ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda vazirlik faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha muhim vazifalar jamoa ishtirokida batafsil muhokama qilingan. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Vazirlikdagi dastlabki uch kunlik faoliyatimdan kelib chiqib, qisqacha xulosamni aytadigan bo‘lsam, afsuski, taassurotlar kishini xursand qilmaydi. Jamoada erkin va ijodiy muhit yo‘qday, xodimlar horg‘in va tashabbus ko‘rsatmaydi. Sababi ish tartibi to‘g‘ri tashkil etilmagan. Nazarimda, inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinmoqda. Xodimlar ishda ko‘p vaqt qolib ketishi oqibatida jismonan va ruhan charchagan ko‘rinadi. Oilasiga, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratishga ulgurmasa kerak. Xodimlarga, avvalo, ish joyida erkin ishlash, ijodiy fikrlash, qolaversa dam olish uchun qulay sharoit yaratib berish va undan keyin ish unumdorligini talab qilish mumkin”, deydi yangi vazir.

Shuningdek, Abduqodir Toshqulov yig‘ilishda ayrim strukturalar faoliyatiga ham to‘xtalib, ularning qoniqarsiz faoliyat yuritayotgani, bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etgan. Bundan buyon har bir boshqarma va bo‘lim faoliyati natijadorligi monitoring qilinishi, samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar munosib taqdirlanishi, aksincha o‘z funksional vazifalarini bajarmaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi aytilgan. Jumladan, vazirlik Axborot xizmati faoliyati ham tanqid qilingan. 

“Axborot xizmati vazirlikning yuzi bo‘lishi kerak. Bugungi axborot asrida tezkor va professional yondashuv talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid tanqidiy materiallar e’lon qilinib, jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan bir vaqtda, axborot xizmati tomoshabin bo‘lib turishini qanday izohlash mumkin? Sohaga oid jamoatchilikni qiziqtirgan mavzularda tezkor axborot berish, OAV bilan doimiy ijodiy hamkorlik qilish va tanqidiy-tahliliy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirish orqaligina aholining ishonchini qozonish mumkin”, deya e’tiroz bildirdi Abduqodir Toshqulov.

Qolaversa, uchrashuvda boshqaruvda va axborot almashishda zamonaviy AKT imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, OTMlarga yuborilayotgan topshiriqlarni muvofiqlashtirish, bir-birini takrorlaydigan vazifalarni qisqartirish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish lozimligi aytib o‘tilgan.

“Bugundan boshlab jamoa yangicha ish tartibiga o‘tsak: qog‘ozbozlikni imkon qadar kamaytirish, ortiqcha majlisbozlikka chek qo‘yish va o‘z ishimizga mehr bilan munosabatda bo‘lib, undan zavqlanib ishlaylik. Agar har birimiz zimmamizdagi vazifalarga mas’uliyat bilan yondashib, bir tanu bir jon bo‘lib, hamjihatlikda ishlasak, ishimizda albatta unum bo‘ladi. Shunda xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlaymiz va soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajaramiz”, deydi u.

Ta’lim muassasalari bilan ishlash prinsiplarida ham qayta ko‘rib chiqiladigan jihatlar mavjud ekanligiga yig‘ilish ishtirokchilarining alohida e’tibori qaratilgan. Vazirlik oldida ta’lim sifatini ta’minlashdek o‘ta mas’uliyatli vazifa turibdiki, bu vazifani oliy ta’lim muassasalari bilan ishchanlik va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘yibgina amalga oshirish mumkinligi qayd etilgan. 

“Oliy ta’lim muassasasida mavjud bo‘lgan muammoni kimga aytishini bilmay yurgan rahbarlarning dardini birinchi navbatda vazirlik, biz tinglashimiz va uni hal qilib berish choralarini ko‘rishimiz kerak. Oldin tizimdagi rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun yetarli shart-sharoit yaratishimiz, undan keyingina ular oldiga vazifalarni qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘ladi”, deydi Abduqodir Toshqulov.

Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing