Qodirov ayollar uchun ish vaqtini qisqartirishni taklif qildi. Jamoatchilik bunga nima deydi?
Tahlil
−
09 yanvar 2023
9250Ma’lumki, respublikaga sovuq ob-havo kirib kelayotgani munosabati bilan barcha ta’lim muassasalarida qishki ta’til uzaytirildi. Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bolasi bog‘chaga borayotgan byudjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarning ish vaqti qisqartirilishini ma’lum qildi.
Mazkur xabardan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ayollarning ish vaqtini qisqartirish taklifi bilan chiqdi.
“Bog‘chadan farzandini vaqtida olishiga vazifasi xalaqit berayotgan ayollarga ish vaqtini qisqartirish juda yaxshi, lekin bu masalaning yarmi. Ishlaydigan, oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish kerak”, degan edi deputat.
Uning qayd etishicha, agar shunday qilinsa, ayol xodimning ish samaradorligi sezilarli oshadi, oilada muhit o‘zgaradi.
Xo‘sh, deputatning bu taklifiga jamoatchilik faollari qanday munosabat bildirdi?
“Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqaramiz”ؘ
Zafar Hoshimov, tadbirkor
Bir xil oylik to‘lab, bir-ikki soat kam ishlaydigan ishchilar uchun ish joylari keskin kamayadi. Ish beruvchilar ularga ish taklif qilmay qo‘yadi. “Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqaramiz”: yordam bermoqchi bo‘lgan toifaga qiyinchilik tug‘diriladi va oilali ayollar mehnat bozoridan siqib chiqariladi.
“Boshqa yaxshi taklif qolmagan, shekilli”
Barnogul Sanaqulova, iqtisodchi
Shu masalani 2019 yilda ham ko‘targandilar. Biz bu taklifning iqtisodiy, moliyaviy tomonini tinmay yozgandik, jim bo‘lib ketgandilar. Bisotlarida yaxshi taklif qolmagan, shekilli, yana bayroq qilganlariga qaraganda.
“Bu eng avvalo ayollar uchun zararli qaror bo‘ladi”
Firuz Allayev, “Asaxiy.uz” asoschisi
Alisher Qodirov ayollar ish soatini qisqartirish kerakligi haqida post qilibdi. Ayollarning ish soatlarini qisqartirish xato, deb o‘ylayman. Bu eng avvalo ayollar uchun zararli qaror bo‘ladi va ishlashni xohlaydigan ayollar uchun muammoga aylanadi.
Vaziyatga ish beruvchi tomondan qarab ko‘ring – to‘liq ish soatiga erkak xodimni olish yoki kuniga ikki soat kam ishlaydigan ayol xodimni ishga olish. Tanlov o‘z-o‘zidan erkak xodimga to‘xtaydi. Shu uchun ham bu taklif yakunda ayollar vaziyatini yaxshilash o‘rniga, ularga ish topishda katta muammo yaratishi mumkin.
“Ayollar noqonuniy ishlarga rozi bo‘lishni boshlaydi”
Shahnoza Soatova, bloger
Keyin ayollar noqonuniy ishlashga rozi bo‘la boshlaydi va bu yog‘i muammolar zanjiri: mehnat huquqlari buzilishidan tortib, qora iqtisodiyotgacha…
“Ayollar uchun qisqartirilgan ish kuni qonunchilikda ham mavjud”
“Sukut saqlama” loyihasi
Bu nimaga kerak? Ayol uy ishlarini ko‘proq bajarishi uchunmi? Yoki aksincha uni bu yo‘l bilan himoya qilish uchunmi? Bu uning ish haqiga qanday ta’sir qiladi? Rahbarlar ayollarni ishga olarmikan keyin? Hamkasblari tomonidan jins bo‘yicha kamsitilishga uchramaydimi? Ayollar uchun qisqartirilgan ish kuni qonunchilikda ham ko‘zda tutilgan. Ish beruvchi ayol xodimlar iltimosiga ko‘ra, to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilashga majbur.
Qodirov bunday ish tartibi ayollarga bolani maktabgacha ta’lim muassasasidan o‘z vaqtida olib ketish imkonini berishini ta’kidlaydi. Bo‘lmasa, u bog‘cha yoshidagi bolasi bo‘lgan ota-onaga (ona yoki ota) ish vaqtini qisqartirishni taklif qilsin. Yoki bog‘chalarda navbatchi guruhlar tashkil qilinishini taklif qilsin. Ular soat 19:00 yoki 20:00 gacha ishlasin.
Lekin afsuski, unga martaba zinapoyasiga qiyinchilik bilan chiqayotgan ayolning ish vaqtini qisqartirishni va eng yaxshi holatda eng past lavozimlarga tayinlanishiga olib keluvchi taklifni berish osonroq.
“Amalda ko‘plab rahbarlarda imtiyoz qo‘llanadigan ayollarga nisbatan zimdan qarshi harakatlar bo‘lishi mumkin”
Saidali Muxtoraliyev, yurist
Farzandi 3 yoshga to‘lmagan onalar uchun ushbu imtiyoz qonunchilikda mavjud. Faqat bu imtiyoz byudjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga tegishli. Agar Qodirovning taklifi ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, bunga bolaning yosh darajasini oshirish hamda mavjud imtiyozni nobyudjet tashkilotlariga ham qo‘llash nuqtai-nazaridan qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Imtiyoz darajasini oshirish yaxshidir, biroq amalda ko‘plab rahbarlarda imtiyoz qo‘llanadigan ayollarga nisbatan zimdan qarshi harakatlar bo‘lishi ham mumkin.
LiveBarchasi